Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘ngillar “Do‘stlik dasturxoni”da yayradi
14:05 / 2023-10-07

O‘zbek etnomadaniyat markazining tashabbusi bilan Qozog‘istonning Turkiston viloyati Qozig‘urt tumanida “Do‘stlik dasturxoni” nomli tadbir tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilarini Turkiston viloyati O‘zbek etnomarkazi rahbari Javlon Sabitov va hudud faollari kutib oldi. Uchrashuv har yili o‘tkazilgani sababli an’anaviy tus olgan. 

Qozig‘urt tumani hokimi ishtirokchilarga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi. Qardosh o‘zbek va qozoq xalqlarining tarixi, turmush tarzi uyg‘un. Asrlar osha esa bu tushunchalar yanada rivojlanib, qo‘ni-qo‘shnilik, quda-andachilik ko‘rinishida an’ana va qadriyatlar yanada boyib bormoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Sayyora Fayziyeva, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limi raisi Rahmatilla Sheraliyev ikki davlat rahbarlari tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlarning ko‘lami haqida so‘zladi. 

Mazkur tumandagi Turbat qishlog‘ida ham minglab o‘zbek millatiga mansub aholi inoq yashab kelmoqda. Maktablarda bolalarga darslar o‘zbek va qozoq tillarida olib boriladi. E’tiborlisi, bu qishloqdan o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik el ardog‘idagi adiblar, davlat va jamoat arboblari, qahramonlar yetishib chiqqan. Ular orasida O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la, O‘zbekiston xalq artistlari Rixsivoy Avazov va boshqa ko‘plab insonlar bor. 

Tadbir doirasida osh tanlovi va turli uchrashuv va suhbatlar tashkil etildi, osh tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Mezbonlarga Toshkent viloyati ijodkorlarining badiiy-publitsistik kitoblari taqdim etildi. 

San’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar esa barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

A.Musayev, O‘zA muxbiri