Har bir davrda mualliflar o‘z asarlarida ruhiyatining betakror, tizginsiz, jo‘shqin va tushkin iztiroblarini tasvirlash ijodkorning asl maqsadiga aylanadi. O‘z san’at asarlarida insonning qalb iztiroblari, orzu-armonlari tasvirlanadi.
Xo‘sh, ijodkor kim o‘zi? Ijodkor – rassom, ijodkor – haykaltarosh, ijodkor – bastakor, ijodkor – yozuvchi… Ular inson ruhiyatidagi kishi ilg‘amas his-tuyg‘ularni, dard, iztirob, quvonch va baxtni jozibali ta’sir so‘zlari orqali ifodalovchi san’atkorlardir.
Bugungi qahramonimiz ham serqirra, chin ijodkorlardan. O‘z davrida ijro etgan rollari, kuy qo‘shiqlari bilan qalblarni zabt etgan bo‘lsa, keyinchalik uning jurnalistikaga kirib kelishi ushbu sohada alohida bir maktab yaratdi. Bugungi qahramonimiz telejurnalist, yozuvchi, tarjimon, "Shuhrat" medali sohibi Nur Ahmad Hojiboy o‘g‘li.
Nur Ahmad aka uzoq yillar Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tizimlarida faoliyat yuritgan ijodkor o‘z davrining taniqli ziyolilari, shoir va adiblari, san’at darg‘alari haqida ajoyib ko‘rsatuvlar yaratdi va ularni tarixga muhrladi. Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi raisi lavozimidagi faoliyati davomida jamoaning ijodiy yuksalishi, texnologik og‘ir vaziyatga qaramay viloyat teleradiokompaniyalari orasida birinchi bo‘lib tele-radio mahsulotlarini tayyorlash va efirga uzatish jarayonlarini kompyuterlashtirishga erishdi.
Yillar davomida shakllangan boy xayotiy tajribasi qahramonimiz qo‘liga qalam tutqazdi. Yozuvchilik iqtidori, badiiy didi, adabiy qarashlari shakllangan ko‘p qirrali ijodkor, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi a’zosi Nur Ahmad hayotiy voqealar, turli taqdirlar haqidagi badiiy-publitsistik va tarixiy mavzulardagi bir qator kitoblari bilan qayta tilga tushdi.
Biz qahramonimizni "ko‘ngil odami" deya ta’rifladik. Suhbatimiz davomida shuni angladikki, Nur Ahmad aka nafaqat atrofdagi insonlar va vaziyatlarga nisbatan e’tiborli, balki tanish-notanish insonlarning qalbini his qilgan holatda muloqot qiladigan - ko‘ngil odami ekanliklariga guvohi bo‘ldik. Bugungi suhbatimizni qahramonimizning so‘zlari bilan yakunlasak — hech kimning ko‘ngil koshonasi buzilmasin, aksincha unda o‘z aksimizni qoldirish hammamizga nasib etsin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/-TXmz9lDYmw?si=2z7BXGVAcw_giKyM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA