Bir necha kitoblar muallifi shoir, nosir va jurnalist Zokir Xudoyshukurning bundan bir necha yillar burun "Polvon ori" nomli qissasini chop etilgan edi. Kitobda xalq afsonalari, aforizmlar ta’sirida bitilgan hikoya va bir qancha she’rlar bitilgan. Kitobni varaqlar ekansiz, katta prozaiklar ijodiga xos badiiy bo‘yoqlar qissada kam uchraydi. Hikoyalar esa ertaknamo obrazlarga to‘la, she’rlar falsafiy. Zokir Xudoyshukur ijoddan bir zum ham to‘xtamay, ijodkor sifatida ulg‘aydi.
Yaqinda ijodkorning "Adabiyot" nashriyotida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan uning “Ko‘ngil manzaralari" nomli kitobi nashr etildi. Bu safargi she’rlar o‘quvchiga tez yetib boradigan va ohangdorligi bilan avvalgisidan farqlanadi. Dastlab o‘quvchi kitob boshidagi «Dutor hikoyati» she’ridan bahramand bo‘lishi mumkin. Shoir ota-onani bir dutorning ikki toriga o‘xshatadi.
Otam ketdi avvalda –
Bitta torim uzildi.
Tuyg‘ularim zavolda-
Ohang ham sal cho‘zildi.
Shu holdayam zo‘r edim.
Maqtab yurdi odamlar.
Haliyam sal g‘o‘r edim,
Qaltirardi qadamlar.
Onam ketdi so‘ngroqqa-
Ikkinchi tor uzildi.
Shoirning «Baxshiyona» turkum she’rlari esa zamonaviy folklorni eslatadi. Eng muhimi, u tabiiylikka yo‘g‘rilgan, samimiy va hayot haqiqatlari singdirib yuborilgan. Uni «Baxshi sog‘inchi», «Baxshi va cho‘pon», «Baxshi va yo‘lovchi», «Baxshining Boysuntovga aytgani», «Baxshining polvonga degani» turkum she’rlarida his etasiz. Yana bir qancha she’rlar modern uslubida bo‘lib, bu aslida noan’anaviy ijodkorning badiiy asar yaratishga urinishlaridir.
U shoirning o‘zi haqidagi obrazni gavdalantiradi, sakson yil yashab, yelga umrini sovurgan odam qismatidan hikoya qiladi, bugun ertaksiz, dostonsiz ulg‘ayayotgan bolalar qismatini sizga yetkazadi. Yana bir qancha she’rlarida tasavvufona ohang mujassam.
Zokir Xudoyshukur Mashrab ijodini ancha o‘rgangan tadqiqotchi. Kitobida "Mashrab qo‘shig‘i" nomli she’r ham o‘rin olgan. Unda mashrabona falsafalarga chuqur murojaat bor. Yana bir qancha kitoblarda shoir «Ko‘ngil sharhi» turkumidan zamonaviy g‘azal ohangidagi she’rlarni o‘quvchiga taqdim etgan.
Bir ijodkor va o‘quvchi sifatida ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan she’r kitobxonni ta’sirlantiradi.
Yurtim shamollari tindimi, deysan,
Mangu muzliklardan osha keldimi?!
Biryo‘la qalam ham sindimi, deysan,
Shoirga qo‘shilib she’r ham o‘ldimi?!
Nechun tark etyapsiz, nazmiy bo‘stonni,
Sizni topgan edik yuz yil axtarib,
Qayg‘uda qoldirib O‘zbekistonni,
Qayga ketyapsiz Abdulla Orif?!
Yangi asarlar yaratish yo‘lida behalovat shoirga ijodiy parvozlar tilab qolamiz.
O‘ljaboy Qarshiyev