Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi
20:01 / 2023-11-16

16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni

So‘nggi yillarda yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, fuqarolar o‘z e’tiqodini amalga oshirishi uchun sharoit yaratish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Quvonarlisi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash uchun zarur huquqiy asos mavjud.

Ma’lumki, har yili 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirokida xalqaro konferensiya tashkil etilishi yaxshi an’anaga aylangan.

Umuman, turli anjuman, davra suhbati va uchrashuvlarni qamrab olgan “Bag‘rikenglik haftaligi” jamiyatda bag‘rikenglik g‘oyalarini, turli millat va elat, diniy konfessiya vakillari do‘stligi va hamjihatligini mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tiborga loyiq.

Bu yil haftalik doirasida juda ko‘p yangiliklar, kreativ loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan,  Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik – samarali hamkorlikning muhim omili” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilovning tabrik so‘zi bilan boshlandi. Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida Prezident tashabbusi bilan barcha jabhalar qatori diniy-ma’rifiy sohada, jumladan, din va e’tiqod erkinligini taminlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish borasida salmoqli ishlar qilinayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyilini qaror toptirish, islom dini ta’limoti tinchlikparvarlikka, ma’rifatga asoslangani, har qanday qon to‘kish va terrordan yiroqligi, ulug‘ allomalar boy ilmiy merosi chuqur o‘rganilishi kabi yo‘nalishlarda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayotgani haqida so‘z yuritildi. Hozir mamlakat miqyosida rasman 16 konfessiyaga oid 2335 diniy tashkilot faoliyat olib boradi.

UNESCOning respublikamizdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sara Al-Attor ta’kidlashicha, O‘zbekistonning bag‘rikenglik siyosatini BMT ham qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, mamlakatda turli diniy konfessiyaga mansub 130 dan ziyod millat, elat vakillari bag‘rikenglik, tinchlik muhitida yashab kelayotgani tahsinga loyiq.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan “Din va davlat munosabati: tarixiy yondashuv va diniy asos”, “Jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlash: Yangi O‘zbekiston islohotlari”, “Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak bag‘rikenglik tamoyili”, “Milliy madaniy markazlar – O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlashning muhim vositasi” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA