Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konfessiyalararo muloqot orqali jamiyatda hamjihatlik mustahkamlanmoqda
18:11 / 2025-11-12

Bugungi kunda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Tinchlik va hamjihatlikka asoslangan jamiyatda barqarorlik va taraqqiyot qaror topishi shubhasiz.

Shu maqsadda Andijon shahrida “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir Andijon viloyati hokimligi, adliya va Din ishlari bo'yicha qo'mitaning viloyat boshqarmalari, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining viloyat bo‘linmalari hamkorligida tashkil etildi. Unda mahalliy NNT va fuqarolik jamiyati institutlari, milliy madaniy markazlar, turli konfessiya vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Davra suhbatida mamlakatimizda millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, ushbu sohani tartibga soluvchi qonunlar va davlat dasturlari haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqda. Andijon viloyatida esa 10 dan ziyod millat va elat vakillari bir oiladek hayot kechirib, viloyatdagi 5 ta milliy-madaniy markaz hamda 185 ta diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda.

[gallery-26206]

Tadbir moderatori, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limi rahbari Farhod Atabayev tashkilotchilar nomidan so‘zga chiqib, “Bag‘rikenglik haftaligi”ning ahamiyatini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, haftalik doirasida turli millat va konfessiya vakillari bilan hamjihatlikda amalga oshiriladigan tadbirlar orqali yoshlar ongida bag‘rikenglik g‘oyalari singdiriladi, jamoatchilik hamkorligi kuchaytiriladi.

Yig‘ilishda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmatillo Arziyev, Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Murodjon Axmataxunov, shuningdek, O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Obidjon Nosirov so‘zga chiqdi. Ular mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, millatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti haqida fikr bildirdi.

Obidjon Nosirov o‘z nutqida qirg‘iz millati vakillarining yurtimizda turli sohalarda faoliyat yuritishi, ular uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda davlat qo‘llab-quvvatlovi haqida to‘xtalib, bu kabi tadbirlar millatlararo munosabatlarni mustahkamlash va ma’naviy rivojlanishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Davra suhbatida ishtirokchilar mamlakatdagi qonunchilik va davlat dasturlari orqali ta’minlanayotgan barqarorlik mexanizmlari, milliy va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirishning zamonaviy usullari haqida fikr almashdi. Shuningdek, haftalik doirasida qo‘shimcha ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va amaliy tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlar ongida do‘stlik va birdamlik g‘oyalarini singdirish bo‘yicha o‘z taklif hamda mulohazalarini bildirdi. Ular bunday uchrashuvlarni doimiy yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari