O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda dinshunoslik ta’limi va ilmiy tadqiqotlar” respublika forumi doirasida “Konfessiyalararo muloqot” klubi anjumani tashkil etildi.
“Konfessiyalararo muloqot” klubi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-yoshlari o‘rtasida diniy bag‘rikenglik, millatlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, notiqlik va kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.
“Konfessiyalararo muloqot” klubining navbatdagi anjumanida yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.
[gallery-22848]
Ilmiy anjumanda “Dunyo dinlari ta’limotlarida atrof-muhit muhofazasi masalalari” bosh mavzu sifatida muhokama uchun tavsiya qilinib, unda dinshunoslik va ma’naviy taraqqiyot, islom dinida atrof-muhit muhofazasi, hadislarda atrof-muhit muhofazasi borasida kelgan ko‘rsatmalarning bugungi kundagi tatbiqi, atrof-muhitning inson ruhiy salomatligiga ta’siri, dunyo dinlari ta’limotlarida atrof-muhit muhofazasi va shu kabi mavzuga oid masalalar muhokama etildi.
“O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi”ning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati", dunyo dinlarida tabiatning o‘rni, dunyo dinlari ta’limotlarida atrof-muhit muhofazasi, O‘zbekiston va YUNESKO aloqalari: hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, "Dinshunoslik" fanini o‘qitish: texnologiyalar, yutuqlar, muammolar va yechimlar, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida ta’lim sohasidagi munosabatlar, Bolalarga ekologik tarbiya berishda asriy an’analar va zamonaviy yondashuvlar uyg‘unligi kabi mavzular talabalar tomonidan tahlil etildi.
Anjuman “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish YUNESKO” kafedrasi tayanch doktoranti va magistrantlari moderator va kuzatuvchiligida o‘tkazildi.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari