Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konfessiyalar ishlari kengashining yig‘ilishi
20:00 / 2025-02-28

Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining navbatdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda yurtimizda rasmiy faoliyat olib borayotgan 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, bu yildan e’tiboran Kengash a’zolaridan tashqari Respublika parlamenti, turli vazirlik va idoralar hamda tashkilot vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Mazkur Kengash respublika hududida faoliyat olib borayotgan barcha diniy konfessiyalar faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi maslahat organi bo‘lib, uning tashkil etilishi va faoliyat yuritishi ham aynan dinlararo muloqotning rivojlanishi va yuzaga keladigan barcha masala va muammolarning bahamjihat hal etilishiga ko‘maklashadi.

[gallery-22037]

Yig‘ilishda davlat, diniy konfessiyalar va turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar o‘rtasida doimiy va samarali muloqotni o‘rnatib borish, mamlakatdagi barcha diniy konfessiyalar orasida o‘zaro hurmat va ijtimoiy totuvlikni yanada mustahkamlash, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar aholi o‘rtasida o‘zaro tushunish va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, konfessiyalararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashish kabi vazifalar muhokama etildi. 

2025 yil 25 fevralda O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilindi.

Anjumanda mazkur konsepsiya loyihasining ishlab chiqilishida ham diniy konfessiyalar vakillari faol ishtirok etdilar hamda o‘z fikr-mulohazalarini nafaqat parlament yig‘ilishlarida, balki rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalarida ham bayon qilganliklari ta’kidlandi. 

Konfessiyalar ishlari kengashining Xiva shahridagi sayyor yig‘ilishi yakunlari yuzasidan "O‘zbekiston - 2030” strategiyasini "Atrof muhitni asrash va "yashil" iqtisod" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi" bo‘yicha Murojaatnoma qabul qilindi.

Anjumandan so‘ng Kengash a’zolari, kuzatuvchilar hamda mehmonlar uchun Xiva shahrining tarixiy maskanlariga sayohat uyushtirildi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari