Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konferensiya ochiq va konstruktiv muloqot maydoniga aylandi
11:18 / 2025-08-18

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Fermer xo‘jaliklarida ko‘p tarmoqli faoliyatni rivojlantirish muammolari va vazifalari” mavzusida amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zLiDeP yetakchisi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi rahbariyati va respublika fermer xo‘jaliklari vakillari, O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi faollari o‘rtasida ochiq va konstruktiv muloqot maydoniga aylandi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi raisi Aktam Hayitov o‘z chiqishida davlatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga tizimli ravishda ko‘rsatilayotgan yordamlar haqida to‘xtaldi. Imtiyozli kredit, urug‘ va ko‘chat uchun subsidiyalar zamonaviy texnika va hosilni bozorga yetkazishda amaliy ko‘mak hisoblanadi.

[gallery-24801]

– So‘nggi yillarda sabzavot va poliz mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Imtiyozli kreditlar tufayli zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi sotib olindi. Hosil deyarli ikki barobar oshdi, – deydi “Qoniratbay Mehri” fermer xo‘jaligi rahbari Sarsenbay Aytmuratov.

Xo‘jaylilik fermer Tajiybeke Matkarimova esa fermerlarni yangi texnologiyalarga o‘qitish bo‘yicha davlat dasturi unga issiqxonada pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga yordam berganini aytdi.

–Ilgari pomidorni faqat ochiq maydonda yetishtirardik va  mavsumga bog‘lanib qolgandik. Endi issiqxonalarda yil bo‘yi hosil olamiz, urug‘ini o‘zlarimiz yetishtirib bozorga ham chiqaramiz. Bu esa barqaror daromad olish,  yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va qish oylarida ham mahsulot yetkazib berish imkoniyatini berdi.

Eng faol va namunali fermer xo‘jaliklari rahbarlari “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani anjumanning o‘ziga xos jihati bo‘ldi. Mukofotlanganlar orasida g‘alla yetishtirishning innovatsion usullari bilan tanilgan Ellikqal’a tumani “Amirobod jayroni” fermer xo‘jaligi rahbari Rejepbay Avezov ham bor.

–Men uchun bu mukofot nafaqat sharaf, balki mas’uliyat hamdir. Biz boshqalarga o‘rnak bo‘lishimiz va tajriba almashishimiz kerak, – deydi tajribali fermer.

Mazkur anjumanda qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar ham alohida ta’kidlandi. Xususan, agro.gov.uz platformasi orqali fermerlar uchun yer ijarasi, subsidiyalar, urug‘chilik, mahsulotlarni bozorga chiqarish va suv resurslarini boshqarish kabi yo‘nalishlar raqamlashtirilgan. Bugungi kunda ushbu tizimlar orqali 3,2 million gektar yer nazoratga olingan, 1,4 trillion so‘m subsidiya taqsimlangan va 843 ming dehqon raqamli ijara tizimiga jalb qilingan.

Ushbu raqamli yondashuvlar fermerlar faoliyatini yengillashtirib, ishonchli ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish imkonini yaratmoqda. 2025 yildan boshlab yangi avlod innovatsion platformalari – AgroMonitoring, AgroDocs, Hosil Qabul 2.0 kabi loyihalar joriy qilinishi rejalashtirilgan, bu esa tarmoqni yanada shaffof, samarali va texnologik rivojlangan sohaga aylantirishi kutilmoqda.

Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish — bu mamlakat agrar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishdir. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash, innovatsion yechimlar va fermerlarning faolligi tufayli bugun qishloq xo‘jaligi sohasi nafaqat iqtisodiy o‘sish manbai, balki zamonaviy, raqobatbardosh va eksportbop tarmoq sifatida shakllanib bormoqda.

Dovud Abibullayev,  Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA