Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konchilikda muhim tashabbusga qo‘l urildi
15:43 / 2025-06-09

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati geologlari tomonidan hozirgi vaqtda mamlakatimizning beshta viloyatlarida joylashgan yigirmaga yaqin mis, oltin, kumush, rux, qo‘rg‘oshin, volfram, nodir metallar hamda noruda konlaridan qazib olish va geologik o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Kombinat geologlarining asosiy vazifalaridan biri bu tasdiqlangan zaxiralarni ishlab chiqarishga jalb qilish va zaxiralar miqdorini yanada ko‘paytirish hisoblanadi.

OKMK geologlarining ma’lum qilishicha, kombinat xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida, Qalmoqqir, Yoshlik I konlari hamda Angren, Chodak va Xandiza kon boshqarmalari shaxtalarida geologiya qidiruv ishlari davom etmoqda. Konlardagi geologiya qidiruv ishlari natijasida olingan kern namunalarini saqlash va hujjatlashtirish maqsadida, kombinat tomonidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib jami 60 ming kern yashiklarini saqlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy ko‘rinishdagi 50x25 o‘lchamli ikkita  kern saqlash ombori qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ushbu omborning afzalligi va zarurligi shundan iboratki, har bir konni geologik o‘rganish maqsadida, olingan kern namunalari ushbu kon o‘rganilib to kon qazish ishlari tugagunga qadar sifatli saqlanishi talab etiladi. Namunalarni saqlash muddati 100 yilgacha davom etishi mumkin. Sababi, olingan kern namunalarida bir necha bosqichda geologik (mineralogiya, petrografiya, gidrogeologiya), texnologik o‘rganish ishlari takror olib borilishi ehtimoli bor. Buning uchun esa kern yashiklarini sifatli saqlash, quduq nomlarining o‘chib ketishi oldini olish zarur.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu omborlarda barcha namunalar tartib bilan saqlanadi va geologlar tomonidan xalqaro JORC  kodeksining  talablari asosida Geologik hujjatlashtirish ishlarini maxsus (Getac) planshetlarda avstraliyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotlardan foydalangan holda olib boradi. Bunda hujjatlashtirish jarayonidagi ma’lumotlar elektron interaktiv uslubda planshetlarga tushiriladi va shu zahoti qayta ishlash uchun dasturiy ta’minotlar bazasiga yuboriladi.

Olingan kern namunalarining bir qismini tahlil qilish ishlari jahon andozalariga javob bera oladigan Qozog‘istonning “ALS Global” va Qirg‘iz Respublikasining “SAEL” va boshqa laboratoriyalarida o‘tkazilgan bo‘lsa, hozir mana shunday zamonaviy, xalqaro talablarga mos analitik laboratoriya OKMKda qurilib foydalanishga topshirish arafasida.

A.Musayev, O‘zA.