French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konchilar kasb bayramini nishonladi
10:19 / 2022-05-14

Mamlakatimizda har yili an’anaviy tarzda may oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida mehnat faoliyatini olib borayotgan turli kasb egalari va mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda kombinatda 3-gidrometallurgiya zavodida noyob texnologiyaga asoslangan yangi majmua, 5- va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodida “B” blok, “Muruntov” koni tarkibida “Balpantog‘” va “Tomdibuloq” konlari ochildi, bir qator konlarda yangi liniya va inshootlar ishga tushirildi. Kanadaning “Kito” tahlil markazi tomonidan esa “Muruntov” koni qatorasiga ikkinchi marta dunyoning eng yirik oltin qazib oladigan koni sifatida e’lon qilindi.

bugungi kunda kombinat mamlakatimiz iqtisodiyoti drayveri sifatida dunyoning oltin ishlab chiqaradigan yirik kompaniyalari orasida o‘z mavqeini yil sayin mustahkamlab bormoqda.

Mazkur majmua respublikmizdagi eng yirik sanoat korxonasi bo‘lib, ayni paytda 60 mingga yaqin xodim mehnat qiladi. Bu yerda oltin, uran, nodir metallar, qurilish va dastgohsozlik sanoati uchun zarur mahsulotlar, keng turdagi xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqariladi.

O‘tgan yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 13 foiz bo‘lib, 51,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va davlat byudjetiga 35,8 trillion so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. Kombinat faoliyatining o‘tgan yil yakuni bo‘yicha sof foydasi 11,5 trillion so‘mni tashkil etib, kombinat jahondagi oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar reytingida 5-o‘rinni egallagan.

Butun jahon bo‘yicha oltin ishlab chiqarish ko‘rsatkichi pasayib borayotgan bir paytda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida 2026 yilga borib oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, NKMKni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod qariyb 30 ga yaqin yirik investitsiya loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 30 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasining bir guruh ishchi-xodimlari ko‘p yillik fidokorona mehnati, sohani rivojlantirishga qo‘shayotgan yuksak hissasi uchun hamda kasb bayrami munosabati bilan 1-, 2- va 3-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

– Kombinat tizimidagi “Dovgistov” konida 1996 yildan buyon “BelAZ” haydovchisi bo‘lib ishlayman, – deydi Ziyoviddin Xalilov. – Bugun kasb bayramimiz arafasida mehnatlarim yuksak baholanib, menga 1-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni berildi. Albatta, bu kabi e’tirof va e’tibordan mamnunmiz. Belgilangan reja-topshiriqlarni ortig‘i bilan uddalashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Tadbirda konsert dasturi namoyish etildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA