27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi yurtimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari sohasida ham islohotlar izchil davom etmoqda. Buning isboti sifatida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ochiqlik siyosati Yangi O‘zbekistonda so‘z erkinligi va ochiqlikni ta’minlash, bo‘layotgan o‘zgarishlardan jamoatchilikni xabardor etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu ijod ahlining qat’iy pozitsiyada turib, taraqqiyotga munosib hissa qo‘shyotgani hamda soha “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolatdir.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham faoliyatga doir ochiq ma’lumotlarni yoritish, ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik keng jamoatchilikni korxona hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, qabul qilinayotgan qarorlar, muhim dasturlar, ularning maqsad-mohiyatidan o‘z vaqtida xabardor qilib borishni izchil ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari orasida bosma nashrlar alohida o‘rin egallaydi. Ana shunday nashrlardan biri – “Konchilar hayoti” gazetasidir. U Navoiy kon-metallurgiya kombinati ko‘zgusi hisoblanadi.
Ushbu nashrning ilk nishona soni 1991 yil may oyida S.Ruxmalev muharrirligida “Gornyak” axborot xabarnomasi sifatida nashr etilgan. 2015 yil 23 iyuldan esa “Konchilar hayoti” gazetasi nomi bilan chop etib kelinmoqda. Haqli ravishda gazeta mustaqillik tengdoshi, 34 yillik tarixiga ega, media makonda o‘z o‘rnini topgan ommaviy axborot vositasi sanaladi. Hozirgi kunda gazeta 11,7 ming nusxada chop etilmoqda.
- Biz, gazetachilikning eng qiyin, murakkab davrlarida ishlaganmiz. U paytlar hozirgidek kompyuterlar, Internet qayerda edi, deysiz! Hamma maqola, materiallar qog‘oz-qalamda yozilar, mashinkada terilar, ofset usulda bosilardi, —deydi gazeta muharriri, ustoz jurnalist N.Sadriddinov. —Barchamiz ijodiy raqobat tufayli dolzarb, o‘qimishli maqolalar yozishga intilardik. Hamma material pishiq-puxta, yuksak mahorat bilan yozilgani uchunmi har bir nashr, maqolalar jamiyatda katta aks -sado berardi.Milliy media makonda hozir ijodiy ruh boshqacha. Nazarimda, hozirgi davrning zamonaviy ijodkorlari kompterga, internet va ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgandek. Chunki bizning sohada salmoq emas, balki sifat va saviya katta rol o‘ynaydi. Shu joyda xayolimga eshitganim bir gap keldi: shunday so‘z aytginki, xaridori bo‘lsin.
Bugun kombinatda matbuot sohasi alohida o‘rin egallaydi. Hozirgi kunda Xolmamat Raupov rahbarligidagi Jamoatchilik bilan aloqalar departamenti va uning tarkibidagi Matbuot markazi, Raqamli kommunikatsiyalar bo‘limi va “Konchilar hayoti” gazetasi tahririyatida 19 nafar ijodkor faoliyat olib bormoqda. Ularning 11 nafarini ko‘p yillik tajribaga ega jurnalist va jamoatchilik bilan aloqalar mutaxassislari tashkil etadi. Jamoa orasida O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zolari, turli tanlovlar g‘oliblari borligi quvonarlidir. Ular erkin ijod qilishlari uchun rahbariyat tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan.
—Kombinat faoliyatini yoritishda yetakchi OAVlar bilan hamkorlik, soha vakillari uchun muntazam o‘tkazib kelinayotgan matbuot anjumanlari, press-turlar, brifinglar va mediaforumlar muhim ahamiyat kasb etmoqda, —deydi kombinat Matbuot markazi boshlig‘i Abdumajid Jo‘rayev. —Birgina joriy yilning o‘tgan davrida media-reja asosida 8 marotaba brifing, press-tur va matbuot anjumani o‘tkazilgani, ijtimoiy tarmoqlar orqali 11 marta tezkor munosabat bildirilgani korxona faoliyatini keng targ‘ib etishga xizmat qildi. Bu bosqichda respublikamizning eng yetakchi ommaviy axborot vositalari, axborot agentliklari, matbuot xizmatlari bilan hamkorlik o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
Yana bir e’tirofga molik ishlardan biri, kombinat soha fidoiylari, bo‘linmalar yubileylari haqida har yili yuksak mahorat bilan yozilgan badiiy, ilmiy va boshqa janrlardagi kitoblar va albomlar chop etishda faol ishtirok etib kelmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri