O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida 2025 yil Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili“ deb e’lon qilingan edi. Shu munosabati bilan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ “Qizilqum” kon boshqarmasining “Pistali” koni hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan yangi yashil makon Alisher Navoiy bog‘i nomi bilan atala boshlandi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy bog‘i, “Pistali” koni hamda 6-gidrometallurgiya zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Bog‘ning tantanali ochilish marosimida kombinat ishchi-xodimlari, jamoatchilik vakillari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi – Bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov so‘zga chiqib, mamlakatimizning chekka hududlariga ham sanoatni olib kelish, aholini ish bilan ta’minlash, 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi loyihalar va ularning natijasi haqida to‘xtalib o‘tdi.


Bugungi kunda mazkur 6-gidrometallurgiya zavodi va “Pistali” konida 1600 taga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, asosan nurotalik yoshlar mehnat qilmoqda.

Yangi tashkil etilgan Alisher Navoiy bog‘i 165 gektardan iborat bo‘lib, bog‘ hududiga asosan iqlim sharoitiga mos 300 ming donaga yaqin mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. Bog‘ning 142 gektar qismida esa tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.

Tadbirda jamoatchilik vakillari, bog‘ni barpo etish va parvarishlash hamda zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etishda faol ishtirok etgan bir guruh kombinat ishchi-xodimlari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri