Yurtimizda ta’lim tizimini isloh qilish va uni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, axborot texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirishi uchun zarur infratuzilmani yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu maqsadda Sirdaryo viloyatidagi 15 ta umumta’lim maktabiga jami 255 dona zamonaviy kompyuter jamlanmalari yetkazib berildi.

– Ushbu qadam o‘quvchi-yoshlarning axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishini kuchaytiradi, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, maktablarda raqamli ta’lim jarayonini samarali tashkil etishga keng imkoniyat yaratadi, – deydi Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Davron Isoqov.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki yoshlarning xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorgarligini kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Chunki raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirgan avlod ertangi kunda fan, ishlab chiqarish va innovatsion sohalarda munosib o‘rin egallaydi.


Sirdaryoda amalga oshirilgan mazkur tadbir mamlakatimizda yoshlar ta’limini yangi bosqichga ko‘tarishi, ularning raqamli dunyoda munosib o‘rin topishiga yo‘l ochib berishi bilan ahamiyatlidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri