Munosabat
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hududlar taraqqiyotini ta’minlashga, aholi farovonligini oshirishga va iqtisodiy salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, mavjud imkoniyatlar va kelgusi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
2017-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqich boshlandi. Hududda sanoat, xizmatlar, energetika, turizm va raqamli texnologiyalar sohalarida yirik loyihalar amalga oshirildi. Yangi sanoat korxonalari, IT parklar, energetika quvvatlari ishga tushirilishi iqtisodiy o‘sishning muhim drayveriga aylandi.

Jumladan, sanoat mahsulotlari hajmi 2016-yilga nisbatan bir necha barobar oshdi, yalpi hududiy mahsulot esa 8,5 trillion so‘mdan 54,3 trillion so‘mga yetdi. Xizmatlar sohasida ham barqaror o‘sish kuzatilib, uning hajmi 35 trillion so‘mdan oshdi. Shu bilan birga, investitsion muhitni yaxshilash maqsadida joriy etilgan imtiyoz va preferensiyalar iqtisodiyotga sarmoyalar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirdi. 2025-yilning o‘zida 177 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlanib, 83 ming nafar fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi.
Qoraqalpog‘iston uchun ekologik barqarorlik masalasi alohida ahamiyatga ega. Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar hududdagi ekologik vaziyatni bosqichma-bosqich yaxshilamoqda. Qurib qolgan dengiz tubida millionlab gektar yashil maydonlar barpo etilishi tabiatni tiklash bilan birga, yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham yaratmoqda.
So‘nggi yillarda hudud iqtisodiyoti tarkibida ham sifat o‘zgarishlari kuzatildi. Qoraqalpog‘istonning tabiiy resurslari va qazilma boyliklari uning strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Sement, qurilish toshlari, gips, shisha va boshqa xomashyo zaxiralari yirik sanoat klasterlarini tashkil etish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yig‘ilishda kelgusi besh yillik rivojlanish parametrlari ham belgilab olindi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulotni 102 trillion so‘mdan oshirish, sanoat va xizmatlar sohasida 7 milliard dollardan ziyod loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, eksportni 900 million dollarga yetkazish, ishsizlikni 4,2 foizgacha, kambag‘allikni esa 3,2 foizgacha kamaytirish vazifasi qo‘yildi. Ayrim shahar va tumanlarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga qaratilgan manzilli choralar ishlab chiqildi.
Kelgusi yillarda hududga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish maqsad qilingani ham muhim ahamiyatga ega. Sun’iy intellekt markazi, avtomobil butlovchi qismlar klasteri, bazalt tolasi ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash kabi loyihalar iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Yoshlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida IT universiteti, startap texnopark va intellektual markazlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa Qoraqalpog‘istonni innovatsion rivojlanish nuqtasiga aylantirishi kutilmoqda. Hududdagi yer resurslaridan to‘liq foydalanish, iqlimga mos yangi ekin turlarini joriy etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish, ozuqa ishlab chiqarish va agrosanoat majmualarini tashkil etish ham muhim ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Muxtasar qilib aytganda, Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan mazkur qaror va vazifalar hudud iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu jarayonlar aholi turmush darajasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga hissa qo‘shadi.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va
axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA.