Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida o‘tkazilgan davra suhbati Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasining loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi.
Mahalliy va xorijlik mas’ullar va mutaxassislar ishtirok etgan ushbu tadbirda Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasi loyihasining taqdimoti va undan kutilayotgan natijalar xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston hukumati BMTTD bilan hamkorlikda 2021 yildan boshlab Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Mazkur strategiyaning asosiy maqsadi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini moliyalashtirish uchun davlat va xususiy manbalarni muvofiqlashtirish hamda istiqbolda Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishishga ko‘maklashish imkonini beradigan innovatsion kompleks yondashuvni ta’minlashdan iboratdir.
Unda Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning qayd etishicha, BMT a’zo bo‘lgan davlatlar va hozirgi kunda faqat sanoqli mamlakatlar tomonidan bunday strategiya ishlab chiqilmoqda. O‘zbekiston ham shu davlatlar qatorida Komleks milliy moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqishni maqsad qilgan.
– Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil sentyabr oyida Barqaror rivojlanish bo‘yicha qabul qilingan 70-rezolyutsiyasiga muvofiq, BMTga a’zo davlatlar 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish dasturini qabul qilgan. bugungi kunda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsad va vazifalar sifatida O‘zbekiston uchun dolzarb hisoblangan 16 milliy maqsad va 126 milliy vazifa ro‘yxati tasdiqlangan. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini belgilangan aksariyat maqsad va vazifalar Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liqdir. Ayrim maqsadlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mamlakatimizda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash natijasida kelgusi besh yilda aholi jon boshiga YAIMni 1,6 baravar, 2030 yilga borib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirish hamda daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish uchun zamin yaratish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirda Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasi loyihasida ham taqdim etilgan islohot, yo‘nalish va takliflarni yana bir bor ko‘rib chiqish, tegishli vazirlik, idora vakillari va xorijlik sheriklar bilan muhokama qilishga qaratilgan, – dedi A.Haydarov.
Ta’kidlanganidek, Komleks milliy moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish jarayonida muhokamalarni o‘tkazish va unda taklif etilgan islohot va chora-tadbirlar O‘zbekiston sharoitlarida yuqori darajada samarador bo‘lishi uchun zarur qadamdir.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska o‘z nutqida Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini vazirliklar va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yaxshilash uchun imkoniyat yaratishini aytib o‘tdi.
– O‘zbekiston o‘zining milliy strategiyasini ishlab chiqqan. Mamlakatda olib borilayotgan bir qator islohotlarning barqarorligini ta’minlash va ko‘zlangan samaralarga erishish uchun moliyaviy manbalarning mavjud bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham bu yo‘nalishda moliyaviy manbalarning mavjud ekanligi va ularni to‘g‘ri yo‘naltirish hamda qayerda qanday moliyaviy bo‘shliqlar borligini aniqlash uchun muhim bir strategiya ishlab chiqish lozim hisoblanadi. O‘zbekiston nafaqat bunday strategiyani ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda, balki shu strategiyaning mamlakatning rivojlanish maqsadlariga mosligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda yashil rivojlanish bilan hamohang bo‘lishiga erishmoqda. Bu nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston sanoqli davlatlardan biri sifatida mana shu tashabbusni amalga oshirmoqda, – dedi M.Dimovska.
Davra suhbati doirasida o‘tkazilgan sessiya ishlarida ekspertlar Komleks milliy moliyalashtirish strategiyasi loyihasida nazarda tutilgan islohotlar, yo‘nalishlar va vazifalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, ushbu hujjatni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalarini ham bildirdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA