Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi, kasbiy mahorati hamda tezkor harakat qilish qobiliyatini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu yo‘nalishda olib borilayotgan izchil islohotlar doirasida Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismda reja asosida kompleks amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar harbiy qism hududida joylashgan Kichik dala o‘quv maydonida o‘tkazilib, unda shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligi, harbiy bilim va ko‘nikmalari amaliy jihatdan mustahkamlanmoqda. Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi - harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirish, jangovar vaziyatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jamoaviy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida shaxsiy tarkib shartli dushman bilan kurashish, himoya va hujum harakatlarini olib borish, jangovar safda harakatlanish, yashirinish va joy tanlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnik vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha mashqlarni bajarib, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi, chidamliligi va intizomi muntazam ravishda sinovdan o‘tkazib kelinmoqda.
Mashg‘ulotlarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda, real jangovar vaziyatlarga yaqin sharoitlar yaratilmoqda. Tajribali ofitser va bosh serjantlar tomonidan berilayotgan topshiriqlar har bir harbiy xizmatchilarning individual tayyorgarligi va bo‘linma sifatida uyg‘un harakat qilish qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-27057]
Bundan tashqari, mashg‘ulotlar davomida aloqa vositalaridan foydalanish, buyruqlarni tezkor yetkazish va aniq bajarish, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha ham amaliy mashqlar o‘tkazildi. Bu esa shaxsiy tarkibning jangovar shayligini yanada mustahkamlab, ularning mas’uliyat va javobgarlik hissini yanada oshirmoqda.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA