“O‘ztransgaz” AJda Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, xususan, komplayens-nazorat tizimini rivojlantirish, ochiqlikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, o‘tgan yil mobaynida xodimlar faoliyatida ehtimoliy qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida 18 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Shuningdek, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar atroflicha o‘rganilib, ularning bir qismi bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan, ayrim holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, salbiy oqibatlarni bartaraf etishga erishilgan.

Davlat xaridlari sohasida shaffoflikni oshirish maqsadida barcha xo‘jalik shartnomalariga korrupsiyaga qarshi maxsus shartlar kiritilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni tuzish jarayonlari kuchaytirilgan nazorat ostiga olinib, ehtimoliy xavf-xatarlarning oldi olingani qayd etildi. Umuman olganda, komplayens-nazorat bo‘yicha belgilangan vazifalar o‘z vaqtida bajarilgan.
Shu bilan birga, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani alohida ta’kidlandi. Shu asosda 2026 yilda “O‘ztransgaz” AJda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada faollashtirilib, yilning dastlabki 100 kuni tezkor va maqsadli tadbirlar davri sifatida belgilandi.

Kelgusi davrda xabar beruvchilarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, maxfiy murojaat kanallari orqali kelib tushgan ma’lumotlarni tezkor ko‘rib chiqish, shuningdek, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kengaytirish rejalashtirilgan. Joriy yil yanvar oyida jamiyatning ishonch telefonini ishga tushirish orqali murojaatlarni qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbir yakunida kengash a’zolari komplayens-nazorat yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berib, 2026 yilga mo‘ljallangan rejalar ijrosini ta’minlashda ochiqlik, javobgarlik va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA