“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan hisobot yig‘ilishi Komplayens xizmatining III chorak yakunlariga bag‘ishlandi.
Unda “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsion omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritildi.
bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida Komplayens nazorat tizimi “Navoiyazot” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “O‘zkimyosanoatloyiha” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ, “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJ, “O‘zkimyoimpeks” MCHJ va “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJ QKlarida o‘z faoliyatini yuritmoqda. Shuningdek, barcha tarmoq korxonalarida “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Xizmat odobi kodeksi”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” kabi 10 dan ortiq ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va o‘rnatilgan tartibda barcha xodimlarga tanishtirish va tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekovning ma’lum qilishicha, kimyo sanoati korxonalarida korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, o‘g‘rilik, talon-taroj qilish, korxona va davlat mulklarini o‘zlashtirish va ta’magirlik holatlariga chek qo‘yish maqsadida jami 15 ta xizmat surishtiruvi o‘tkazildi, natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlandi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.

– Natijada 5 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 8 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 36 nafar mas’ul xodimlarga nisbatan turli xildagi intizomiy jazolar (hayfsan, ogohlantirish va h.k) qo‘llanildi, – dedi o‘z so‘zi davomida R. Eshbekov. – Shuningdek, 22 nafar xodimning ish haqidan jarima undirildi, 9 ta holat bo‘yicha to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun huquq tartibot organlariga yuborildi. Joriy yilning 3-choragi davomida kimyo sanoati korxonalari tizimda aniqlangan korrupsion harakatlar, korxona mablag‘larining talon-taroj qilinishi oqibatida jami bo‘lib 1,2 milliard so‘mlik tovar moddiy boyliklari kamomadi aniqlangan.
Yig‘ilishda tizim korxonalarida xaridlar jarayonining ochiq va shaffofligini ta’minlash hamda ularni O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq o‘tkazilishi natijasida 3,1 milliard so‘mlik pul mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinib, iqtisod qilingani aytib o‘tildi.
Unda ta’kidlanishicha, “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga ko‘ra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va o‘rta bo‘lgan 4 ming 47 nafar xodim tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar to‘ldirilgan va ular tahlil etilgan.
Jamiyat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida joriy yilda 204 ta seminar va profilaktik tadbir o‘tkazildi. Tarmoq korxonalarida xaridlar jarayonida ishtirokchilarning o‘zaro til biriktirishlari, raqobat muhitini cheklashga urinish hamda ball qo‘yishda baholash mezonlariga noxolis yondashuvlarni bartaraf etilishi natijasida 29,1 milliard so‘mlik shartnomalarning tuzilishi rad etilib, aniqlangan manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yildi
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA.