Prezidentimizning 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Andijon shahrida Prezident maktabi barpo etildi. Ayni kunda mazkur maktabda yuzlab andijonlik yoshlar tahsil olmoqda.
Prezident maktabi Andijon shahrining Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan Andijon shahar hokimligi, “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari tahririyati, bir qator xususiy tashkilotlar hududi, shuningdek, “Andijon nashriyot-matbaa” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududining yarmidan ko‘p qismi o‘rnida barpo etildi.
Ayni kunga kelib Andijon shahar hokimligi uchun barpo etilayotgan yangi bino qurilishi yakuniga yetmoqda, “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari tahririyati ta’mirlangan boshqa binoga ko‘chirib o‘tkazildi. Maktab qurilishi uchun hududi va binolari olib qo‘yilgan xususiy korxonalarga ham qonun doirasida yer maydoni ajratildi, kompensatsiya to‘lab berildi.
Lekin Ustav fondining 55 foizi davlatga, 45 foizi xususiy shaxslarga tegishli “Andijon nashriyot-matbaa” mas’uliyati cheklangan jamiyatining buzilgan binolari, olib qo‘yilgan yer maydoni uchun kompensatsiya to‘lash masalasi qariyb uch yilga yaqin vaqtdan buyon hal etilmasdan kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga, shuningdek, Prezident maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tuzilgan komissiyaning 2021 yil 29 yanvardagi 6-son bayonnomasi qaroriga asosan, Andijon shahri, Navoiy shohko‘chasida Prezident maktabi barpo etilishi munosabati bilan umumiy maydoni 67 sotix bo‘lgan “Andijon nashriyot-matbaa” MCHJga tegishli 34 sotix yer maydoni olib qo‘yilganligini, ana shu hududda joylashgan 4 qavatli ishlab chiqarish binosining bir qismi (buzish ishlaridan so‘ng binoni qolgan qismida ishlab chiqarish faoliyatini yuritishning iloji yo‘q, bino yuz foiz ta’mirtalab holatga kelgan), qozonxona (kotelnыy), ikkita omborxona, yozgi oshxona va boshqa inshootlar buzildi. Ammo buzilgan bino-inshootlar hamda yer maydoni uchun Andijon shahar hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan qonunlar doirasida kompensatsiya to‘lash masalasi ortga surilmoqda.
Ma’lumki, Prezidentining 2019 yil 3 avgustdagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoyishiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 16 noyabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida buziladigan binolar hamda olib qo‘yiladigan yer maydonlari uchun kompensatsiya to‘lash tartiblari belgilangan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligidagi komissiyaning 2021 yil 30 yanvar kuni o‘tkazilgan hamda 01-05/1-635-son bilan tasdiqlangan majlis Bayonnomasining 7- bandida Prezident maktabi qurilishi munosabati bilan buziladigan bino va inshootlar, olinadigan yer maydonlari uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan kompensatsiya to‘lab berilishi qayd etilgan.
Biroq, Andijon shahar hokimining 2021 yil 2 fevraldagi 17-q sonli qarorida “Andijon nashriyot-matbaa” MCHJning buziladigan bino-inshootlaridagi dastgoh, uskuna va jihozlarni ko‘chirib-o‘rnatish yuzasidan qilinishi lozim bo‘ladigan ishlar, kompensatsiya masalasi hamda mazkur ishlar qaysi mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi belgilanmagan. Bundan tashqari, Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 2021 yil 7 iyuldagi “Yer uchastkalarini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallari va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokamani o‘tkazish to‘g‘risida”gi V1-21-10-1-29-K/21 sonli qarorida Andijon shahar hokimligiga Andijon shahar, Navoiy shohko‘chasi 71-, 73- manzillarda joylashgan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar mulkdorlari bilan ochiq muhokamani belgilangan muddatda o‘tkazish vazifasi yuklangan, lekin shahar hokimligi xam, buyurtmachi tashkilot ham “Andijon nashriyot-matbaa” MCHJning buzilgan bino-inshootlaridagi dastgoh, uskuna va jihozlarni ko‘chirish, o‘rnatish yuzasidan qilinishi lozim bo‘ladigan ishlar, mazkur ishlar qaysi mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi yuzasidan jamiyat rahbariyati va ta’sischilari bilan muhokama va muzokara o‘tkazmadi, buzilish ishlari shartnomasiz, og‘zaki gaplar asosida bajarildi.

To‘g‘ri, viloyat hokimi tashabbusi bilan jamiyatning bir qismi buzilgan ishlab chiqarish hamda qurilishi tugallanmagan binolarining tashqi, ko‘rinadigan tomonlari maktab qurilishi uchun mas’ul - buyurtmachi tashkilot tomonidan ta’mirlab berildi.
Ushbu masalani qonuniy hal qilish yuzasidan jamiyat rahbariyati va ta’sischilarining mutasaddi, yuqori tashkilotlar – shahar, viloyat hokimliklariga, viloyat prokuraturasi, adliya boshqarmasiga, Davlat mulkini boshqarish qo‘mitasi Andijon viloyati boshqarmasiga, Vazirlar Mahkamasiga bir necha bor qilgan yozma hamda og‘zaki murojaatlarga muammoni hal etish bo‘yicha javoblar bo‘lmadi.
– Davlat mulki bilan bog‘liq masalani hal etish vakolati Vazirlar Mahkamasiga taalluqli ekanligidan kelib chiqib, Jamiyat ta’sischilari tomonidan masalani qonuniy va maqbul tarzda hal etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilgan edi, – deydi “Andijon nashriyot-matbaa” MCHJ direktori o‘rinbosari, ta’sischi Rahimjon Xo‘jamberdiyev. – Ya’ni jamiyat ishlab chiqarish binosining buzilgan qismi hamda boshqa qator qo‘shimcha binolarning buzilishi, jamiyat hududining yarmidan ko‘p qismi Prezident maktabiga o‘tib ketishi hisobiga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan jamiyat ustav fondidagi 55,1 foiz davlat ulushini chiqarib yuborish taklifi bildirildi. Lekin ushbu taklif bo‘yicha ham biror aniq fikr, javob bildirilmadi.
Umuman, jamiyatga tegishli qator bino va inshootlarning buzilishi natijasida jamiyatning asosiy ishlab chiqarish binosi butunlay ta’mirtalab holatga kelib qolgan, o‘zi arang ishlayotgan korxona mavjud dastgohlarni ko‘chirish-o‘rnatish ishlarini amalga oshirishda moliyaviy qiyinchilikka uchradi. Axir dastgohlarni ko‘chirish-o‘rnatish ham kattagina mablag‘ talab etadi.
Bugungi kunda bir qator mavjud dastgohlar hali o‘rnatilmaganligi, binoning ta’mirtalab ekanligi bois, “Andijon nashriyot-matbaa” mas’uliyati cheklangan jamiyati imkoniyat darajasida faoliyat yurita olmayapti. Natijada ishchi-xodimlar, matbaa sohasining mutaxassislari ishdan bo‘shashga majbur bo‘lmoqda. Kompensatsiya masalasi ijobiy hal etilsa, binolarni ta’mirlash, modernizatsiya ishlarini amalga oshirish mumkin bo‘ladi, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati yuzaga keladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlari, mulkdorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan ayni kunda Andijon shahar hokimligi tomonidan jamiyatga kompensatsiya to‘lab berish qonuniy hal etilishi muhimdir.
Uch yilga yaqin vaqtdan buyon hal bo‘lmayotgan muammo qachon qonuniy hal etiladi? Ushbu savolga mutasaddi tashkilotlar, Andijon shahar hokimligidan javob kutib qolamiz.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov
O‘zA