Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi “Nurobod” mahallasida “Mahalla servis kompaniyasi”ning zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan kompaniya 12 turdagi zamonaviy texnik jihozlar, maxsus vositalar va ikki dona kabinali elektr motoroller bilan ta’minlandi.

Tantanali marosimda Shirin shahar hokimi Niyoz Hazratqulov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov, mahalla faollari, nuroniylar, “Mahalla yettiligi” a’zolari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirda loyihaning mahallada obodonlashtirish va tozalik ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, aholi turmush sifatini oshirish, fuqarolarni o‘z yashash muhitini asrab-avaylashga jalb etishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Kompaniya hududda chiqindilarni tashish, ko‘kalamzorlashtirish, maydonlarni obodonlashtirish, uy-joylarni joriy ta’mirlash kabi jami 23 yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi. Loyiha mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash va hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.
Marosim yakunida nuroniylar duo qilib, davlat rahbari tomonidan aholi uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar uchun o‘z minatdorliklarini izhor etdilar. Shuningdek, yangi servis kompaniyasining mahalla ravnaqi yo‘lida samarali xizmat qilishi uchun tilak bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri