Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kommunal to‘lov qilishda ehtiyot bo‘ling!
10:39 / 2022-08-06

Fuqaro J.K. birinchi gal firibgarlik jinoyatiga qo‘l urganida 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Lekin bu jazo unga tegishli xulosa chiqarish uchun yetarli bo‘lmagan ko‘rinadi. Sababi 26 yoshli «Toshissiqquvvati» DUKning filiallaridan birida kompyuter texnigi vazifasida ishlagan J.K. takroran firibgarlik jinoyatiga qo‘l urdi...

Sudlanuvchi o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida bir emas, ikki emas, naq 34 nafar shaxsning ishonchini suiiste’mol qiladi.

U ilk «o‘lja»siga issiq suv uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 1 million 100 ming so‘m pullarni kassa orqali uning hisob raqamiga to‘lab qo‘yishni va’da beradi. Undan naqd pullarni olib, mazkur summaga kvitansiya yozib beradi. Ammo bergan va’dasini bajarmay, pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.

J.K. hojatbarorlikni davom ettirib, yana bir fuqarodan issiq suv uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 2 million 428 ming so‘m pullarni olib, doimgidek kvitansiya yozib beradi. Ammo bu gal ham pulni cho‘ntakka uradi.

Shu tariqa kimdandir 600 ming so‘m, boshqasidan 3 million 200 ming so‘m, yana birovdan 5 million so‘m jami 51 million 26 ming so‘m pullarni olib, hamma fuqaroga olgan summasi uchun kvitansiya yozib beravergan. Lekin birorta fuqaro nomidan kassa orqali ularning hisob raqamiga pul to‘lanmagan.

Sudlanuvchi J.K. sud majlisida aybiga iqrorligini bildirdi. pushaymonligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.

Ammo, “ Keyingi pushaymon, o‘zingga dushman», deb bekorga aytishmagan. Aybdorga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA