Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kommunal sohada onlayn nazorat tizimi tatbiq etilmoqda
19:12 / 2020-06-30

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida “Smart qurilish” axborot tizimi amaliyotga tatbiq etilmoqda.


Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida “Smart qurilish” axborot tizimi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Maʼlumki, keyingi yillarda ichimlik suvi, oqova suv xizmatlari va issiqlik taʼminoti infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2020-yilda 1,4 trillion soʻm davlat byudjeti, 144,6 million dollar xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 500 dan ortiq ichimlik suvi, oqova suv xizmatlari va issiqlik taʼminoti obyektlari qurilmoqda va rekonstruksiya qilinmoqda.

Ayni paytda, sohada amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining sifatini nazorat qilish, loyihalashtirishdan boshlab foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlar monitoringini yuritish va shaffofligini taʼminlash kabi masalalar muhim axamiyat kasb etmoqda.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni samarali tashkil etish uchun vazirlik tomonidan malakali dasturchi mutaxassislarni jalb qilgan holda “Smart qurilish” axborot tizimi ishlab chiqilib, test rejimida sinovdan oʻtkazilishi boshlangan edi. Bu esa sohada amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining shaffofligini taʼminlash bilan bir qatorda korrupsiyaning oldini olish va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda vazirlik buyurtmachiligida amalga oshirilayotgan loyihalarga oid maʼlumotlar raqamlashtirilgan holda “Smart qurilish” axborot tizimiga joylashtirilgan. Uning yana bir muhim jihati loyihalarni amalga oshirish jarayonida tasdiqlangan reja-jadvallar va imzolangan shartnomalarda belgilangan ishlarning ijro muddatlari yaqinlashgan yoki kechiktirilganda tizim orqali masʼul ijrochilar hamda mutasaddi rahbarlar muntazam xabardor qilinadi. Bu esa loyihachi, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlarning masʼuliyatini oshirish, yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish va obyektlar oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, ushbu axborot tizimi loyiha tashkilotlari, buyurtmachi va investorlar va boshqa quruvchi-pudrat korxonalariga bir qator qulayliklar yaratdi. Jumladan, buyurtmachi va nazorat qiluvchi tashkilotlarga qurilishning har bir bosqichida amalga oshirilgan ishlarni sifati va oʻz vaqtida bajarilganligini onlayn rejimida nazorat qilish va monitoringini yuritish imkonini beradi. Avvallari “qogʻoz” koʻrinishida boʻlgan qurilish jarayonida bajarilgan ish hajmini tasdiqlovchi hujjatlar bugungi kunda tizim orqali elektron shaklda, fotosuratlar bilan taqdim etilmoqda va maʼlumotlar bazasida saqlanmoqda.

Dasturning “Monitoring” tizimi yordamida qurilish jarayonida ishtirok etuvchi barcha tashkilotlarning faoliyati texnik nazoratchi tomonidan kuzatib boriladi.

Xozirda “Smart qurilish” dasturiy taʼminoti yordamida onlayn tarzda shaffof tender savdolarini oʻtkazish imkoniyatini beruvchi “Tender” tizimini ishlab chiqish boʻyicha ishlar yakunlanmoqda. Bunda, buyurtmachi va tenderda ishtirok etuvchi pudratchi-quruvchi tashkilotlar bilan masofadan turib ishlar tashkil etiladi. Tenderda ishtirok etish istagini bildirgan pudratchi-quruvchi tashkilotlar tizim orqali tender xujjatlarini tayyorlash uchun loyiha toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlardan foydalanib, onlayn tarzda tenderda ishtrok etadi.

– Dasturiy taʼminotning muhimligi buyurtmachi va pudratchi oʻrtasidagi oʻzaro qurilish boʻyicha moliyaviy hisob-kitob operatsiyalarini onlayn tarzda amalga oshirish imkoniyati mavjudligida nomoyon boʻladi, – deydi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov. – Shu bois “Smart qurilish” dasturiy taʼminotining “Billing” tizimi ham joriy etilmoqda.

Joriy etilayotgan “Smart qurilish” dasturiy taʼminoti joylarda samarali ishlashini taʼminlash maqsadida ushbu dasturiy taʼminot bilan ishlovchilar uchun maxsus trening-mashgʻulotlari oʻtkazildi.