Toshkent viloyati bo‘yicha qurilish va kommunal sohada amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yil uchun belgilangan rejalar yuzasidan Nurafshon shahrida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda 2809,8 kilometr uzunlikda 0,4-110 kilovatt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 951 dona 6-10/0,4 kilovatt kuchlanishli transformator punktlari mukammal va 6 930 kilometr uzunlikda 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 2 116 dona 6-10/0,4 kV kuchlanishli transformator punktlari joriy ta’mirlandi.
2024-2025 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 633 ta xodimdan tashkil topgan 186 ta ta’mirlash brigadalari tashkil etildi va ularga maxsus texnika va avtomashinalar biriktirildi. Bundan tashqari, “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ tasarrufida jami 827 ta suv inshootlari mavjud bo‘lib, shundan 123 tasi (14,9 %) ta’mirtalab.
[gallery-21597]
Jamiyatning hududiy filiallariga qarashli suv inshootlaridagi nasos agregatlari orqali kunlik o‘rtacha 400-500 ming kub metr ichimlik suvi ishlab chiqarilmoqda. Tarmoqda energiya samaradorligini oshirish va yoqilg‘i-energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha loyihadagi quyosh panellari o‘rnatildi. 2025 yil 1 yanvar holatiga jami aholining 79,9 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
Matbuot anjumanida aynan shu yo‘nalishda kelgusida mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha rejalar aytib o‘tildi. Bundan tashqari, 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va viloyat aholisini sifatli issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, ko‘p qavatli turar-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ayrim BSKlarning faoliyatidan iste’molchilar qoniqmayotgani tanqid qilindi.
Ma’lumotga ko‘ra, 2024 yilda jami 672,1 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarning ta’mirlanishi uchun 400,2 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bu ishlar 112,4 foizga bajarildi. O‘z navbatida turizm ob’ektlariga olib boruvchi, “Yangi O‘zbekiston massivlari”ning ichki ko‘chalarini qurish ishlari bo‘yicha ham tegishli sa’y-harakatlar qilinmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan atroflicha javoblar oldi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.