Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlarning 2025 yil davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan yillik hisobotlari eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 apreldagi qaroriga muvofiq, nogironlar jamoat birlashmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat subsidiyalarini ajratish tizimi joriy etilgan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash doirasida 2025 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi viloyat bo‘linmasi tomonidan 4 ta tashkilotga jami 3 milliard 217 million 90 ming so‘m davlat subsidiyasi ajratilgan.

Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining qarori asosida viloyatda faoliyat olib borayotgan 12 ta milliy madaniy markaz uchun 564 million 998 ming 400 so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani qayd etildi.
Mazkur mablag‘lar belgilangan tartibda shartnomalar asosida ajratilgan bo‘lib, tashkilotlarning 2025 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Yig‘ilishda komissiya a’zolari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda milliy madaniy markazlarning yil davomidagi faoliyati yuzasidan hisobotlar atroflicha muhokama qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shu bilan birga, yo‘naltirilgan mablag‘larni maqsadli va samarali sarflash, belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari