O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi investitsiya dasturlarini amalga oshirish va hududiy eksport hajmini oshirish bo‘yicha ishlarning borishini o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatiga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, komissiya a’zolari yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni bilan tanishdi. Shu maqsadda ular keng assortimentdagi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi «World trading company» MCHJ QK, «Paxtakor teks» MCHJ, «Basalt wool» MCHJ, «ADM JIZZAX», MCHJ, «Farali textile», «Deya», «Jizzax kenteks» kompaniyalari va boshqa korxonalarga tashrif buyurdi.
«Paxtakor teks» MCHJda 470 nafar ishchi mehnat qilayotgan bo‘lib, uning mahsulotlari Rossiya, Turkiya, Polsha, MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. «Basalt wool» MCHJ 193 nafar mutaxassislarni ish bilan ta’minladi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan 32 ming tonna bazalt plitalarning 20 ming tonnasi eksportga jo‘natiladi.
Komissiya a’zolari tomonidan tadbirkorlar bilan ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan suhbat olib borildi. Biznes vakillari mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Mahalliy mutassadilarga manzilli topshiriqlar berildi, aytib o‘tilgan barcha muammolarni hal etish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tayyorlash uchun konstruktiv takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Shu kuni Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bandlikni ta’minlash borasidagi ishlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda investitsiya dasturi doirasida yil yakuniga qadar 688,3 million AQSH dollari qiymatidagi 389 ta loyiha amalga oshirilishi va 8800 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’kidlandi. Mas’ul rahbarlarga loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni qabul qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, hududda amalga oshirilayotgan eksport faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari yakunlariga ko‘ra, eksport hajmi 158,5 million AQSH dollarini tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan besh foizga ko‘pdir.
Komissiya tashrifi yakunlariga ko‘ra, vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga davlatimiz hukumati tomonidan belgilangan vazifalarni sifatli bajarish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA