O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi va “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan Jizzax viloyati aholisi hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga qish mavsumida energiya resurslarini yetkazib berish bilan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil qilindi.
Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar qatnashgan press-tur davomida Energetika vazirligi va “O‘zbekko‘mir” AJ xodimlari jurnalistlarga aholini ko‘mir bilan ta’minlashda qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Energetika vazirligi huzurida hududlarda aholi va sanoat koronalarini 2020/2021 yillarda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash ishlarini sifatli amalga oshirish maqsadida maxsus shtab tashkil qilingan.
Qish mavsumi odatdan tashqari barvaqt boshlangani va kunlar keskin sovub ketishi oqibatida ko‘mir mahsulotiga bo‘lgan talab kuchayib ketishi hisobga olinib, hukumat tomonidan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatiga aholi ehtiyojlari uchun yana qo‘shimcha ko‘mir yetkazib berish vazifasi yuklandi.
Jizzax viloyatida aholi va ijtimoiy tashkilotlarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hududiy filiallariga qarashli mavjud 6 ta ombor orqali amalga oshirilmoqda.
[gallery-568]
– Viloyatda 29 ming 113 tonna ko‘mir va ko‘mir mahsulotlariga talab mavjud, – deydi “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Jizzax filiali rahbari Mirza Xurramov. – Shuning 15 ming 484,1 tonnasi ijtimoiy soha ob’ektlari ehtiyojlarini tashkil etib, bugungi kunda ushbu belgilangan reja 101 foizga bajarilgan va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar, poliklinikalar va boshqa muassasalar qattiq yoqilg‘i bilan ta’minlangan.
Viloyat aholisining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji 13 ming 629 tonna bo‘lib, bugungi kunda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan “Ko‘mir ta’minot” MCHJ viloyat filialiga qarashli omborlariga yetkazib berilgan ko‘mir hajmi 14 ming 177 tonnadan ortdi va bu mahsulotning 12 ming 17 tonnasi aholi tomonidan sotib olingan. Omborlarda 2 ming 100 tonna ko‘mir zaxirasi mavjud.
Jurnalistlar “Ko‘mir ta’minot”ning Zarbdor tumanidagi ombori faoliyati bilan tanishdilar. Omborda saqlanayotgan ko‘mir sifati haqida iste’molchilarning fikrlari bilan qiziqishdi.
– Qishlog‘imiz gazlashtirilmagan, – deydi tumandagi Adirobod mahallasida yashovchi Abdumajid Hazratqulov. – Davlatimizga rahmat, keyingi yillarda aholini ko‘mir bilan ta’minlashga katta e’tibor berayotgani tufayli qishda qiynalmayapmiz. Oilamiz katta, 3-4 tonna ko‘mir ishlatamiz. Tumanimizga yetarli miqdorda ko‘mir keltirayotgan tufayli muammo tug‘ilgani yo‘q. Mahsulotning sifati ham yaxshi.
Tadbir ishtirokchilari tumandagi ko‘mir bilan isitiladigan 16-o‘rta umumta’lim maktabi va 9-son maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, bu inshootlarning isitilishi bilin qiziqishdi.
– Muassasamizda 125 nafar bola tarbiyalanayotir, – deydi 9-son maktabgacha ta’lim muassasasining mudirasi Dilorom Bekmirzayeva. – Ehtiyoji uchun 10 tonna ko‘mir va 10 tonna ko‘mir briketi olganmiz. Yoqilg‘ining sifati yaxshi. Xonalarimizda 20-22 darajali harorat saqlanib turibdi. Qishni qiynalmay o‘tkazamiz deb turibmiz.
Press-tur ishtirokchilari “Ko‘mir ta’minot”ning Jizzax shahridagi omborida ham bo‘lishdi.
“Ko‘mir ta’minot” tashkiloti mutasaddilari jurnalistlar savollariga javob berar ekan, viloyatning chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarda joylashgan qishloqlar aholisi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilganligini ma’lum qilishdi. Jumladan, Zomin tumanidagi Qiziloy, Yangiobod tumanidagi Xo‘ja Mushkent qishlog‘i, Baxmal tumanidagi Sangzor, Do‘smat, Novka qishloqlarida ko‘mir savdosi yarmarkalari tashkil etildi. Do‘stlik tumanidagi Navro‘z mahallasida yashovchi kam ta’minlangan va “Temir daftar”da turuvchi fuqarolarga ko‘mir mahsulotlari uylariga olib borib berilgan.
Press-tur ishtirokchilari qish mavsumida aholini va ijtimoiy muassasalarni ko‘mir bilan ta’minlashda qilinayotgan ishlar haqida yetarli ma’lumot olishdi.
T. BEKNAZAROV,
J. YORBEKOV (surat), O‘zA