Poytaxtimizda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Angren” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi va Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing Triumph International Engineering Co. Ltd.” kompaniyasi hamkorligida yirik loyihaga start berildi.
Xususan, “Angren” EIZ hududida umumiy qiymati 17,636 million dollarlik “Yupqa mineral kukun va avtoklavlangan gazbeton bloklari ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi. To‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida 2022-2025 yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyiha doirasida joriy yilda 6 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi hisobiga yupqa mineral kukun ishlab chiqarishning birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Buning natijasida 80 ta ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, loyihaning ikkinchi va uchinchi bosqichlarida o‘zlashtirilgan investitsiya mablag‘lari hisobiga avtoklavlangan gazobeton bloklari ishlab chiqarish ishga tushirish rejalashtirilgan. Xususan, yillar davomida foydalanilmay yotgan “Angren IES” AJdan chiqayotgan yongan ko‘mir kullari va qoldiqlari chuqur qayta ishlanib sement va beton mahsulotlari uchun qo‘shimcha xom-ashyo tayyorlanadi. Bu esa ushbu mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash bilan bir qatorda ularning tannarxining pasayishiga xizmat qiladi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri