English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Komiljon To‘xtayev: “Pekin Olimpiadasi menga ikki karra mas’uliyat yuklaydi”
12:14 / 2022-01-11

Joriy yilning 4-20 fevral kunlari Xitoy poytaxti Pekinda XXIV qishki olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi.

Dunyoning 100 ga yaqin davlatidan 4 ming nafardan ziyod sportchilar qatnashadigan olimpiya o‘yinlarining tog‘ chang‘isi bahslarida hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev O‘zbekiston sharafini himoya qilish uchun hozirlik ko‘rmoqda.

Ayni kunlarda Italiyadagi “Kronplatz Racing Center” majmuasida tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib borayotgan Komiljon bilan O‘zbekiston tog‘-chang‘i sport federatsiyasi raisi Bekzod Yakubov ko‘magida telefon orqali bog‘lanib, Pekin bahslari oldidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar, uning katta sportga kirib kelish jarayonlari xususida suhbatlashdik.

– Komiljon, avvalo, qishki olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmasini qo‘lga kirtganingiz bilan tabriklaymiz.

– Raxmat. Hozirda jahon reytingida olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilar qatorida qayd etilganman. Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan tog‘ chang‘ichilarning tasdiqlangan ruyxati Xalqaro tog‘-chang‘i federatsiyasi tomonidan yanvarning so‘nggi o‘n kunligida e’lon qilinadi.

– Pekindagi olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik yagona sportchi sifatida ishtirok etasiz. Musobaqa murosasiz o‘tishi tabiiy. Hozirdan natijalar xususida so‘z yuritish biroz g‘alati. Lekin ko‘zlangan maqsad va rejalar bor. Shunday emasmi?

– Albatta, har bir sportchi katta maqsadlarni ko‘zlaydi. Men ham oldimga ulug‘ maqsadlarni qo‘yganman. Lekin, bilasizmi, tog‘ chang‘i sporti Yevropa va Amerika sportchilarining, yana bir qator qishli mamlakat vakillarining miliy sporti hisoblanadi. Ular deyarli yil o‘n ikki oy tog‘ chang‘isi bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Shunday bo‘lsa-da Pekin olimpiadasida munosib qatnashishni rejalashtirganman. Qolaversa, bu galgi qishki olimpiya o‘yinlarida yagona sportchi bo‘lganligim ham menga ikki karra mas’uliyat yuklaydiki, unda munosib qatnashish uchun diqqat-e’tiborim mashg‘ulotlarga qaratilgan.

– Bu siz uchun ikkinchi Olimpiada. 2018 yili Janubiy Koreyada o‘tgan olimpiya o‘yinlarida ilk bor qatnashib, 52-o‘rin bilan kifoyalangan edingiz. O‘sha musobaqani eslaysizmi?

– Eslamay bo‘ladimi, hayotimdagi birinchi olimpiya o‘yinlari bo‘lgan bu musobaqa. Juda hayajonlanganman. Olimpiada har qanday chempionat va musobaqadan tubdan farq qilarkan. Tajribasizligim, yoshligim pand bergan. Bir oz xatoliklarga yo‘l qo‘yganman. Shunday bo‘lsa-da, yuzdan ziyod mamlakat vakillari orasida 52-o‘rinni egalladim.

– Tog‘ chang‘isi bilan qachondan beri shug‘ullanasiz?

– Sportchilar oilasida tug‘ilganman. Ikki yoshimdan boshlab qish paytlari tog‘ chang‘isida uchardim. Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasida katta bo‘lganman. Dadam Ali To‘xtayev ham tog‘ chang‘isi bilan shug‘ullangan. Sobiq Ittifoq musobaqalarida qatnashgan. Xalqaro toifadagi sportchi hisoblanadi.

– Boshqa sport turlariga qiziqmaganmisiz?

– Qiziqqanman. Bir muddat dzyudo bilan shug‘ullanganman. Keyinchalik tog‘ turizmi, qoyani zabt etish bilan mashg‘ul bo‘lganman. Lekin bularning barchasi qiziqishim va xobbim edi.

– Birinchi murabbiyingiz va ilk xalqaro musobaqadagi yutug‘ingiz qayerda bo‘lgan?

– Birinchi murabbiyim albatta, dadam. Keyin katta tajribaga va o‘nlab chempionlar ustozi bo‘lgan Yuriy Xlistunov mashg‘ulotlarida tog‘-chang‘isining dastlabki mashqlarini bajardim. Undan so‘ng rossiyalik Yan Ivanov qo‘l ostida tog‘-chang‘i sirlarini o‘rgandim. Ayniqsa, dadamning moliyaviy ko‘magi bilan fransiyalik Kristof Mataze qo‘l ostidagi mashg‘ulotlarim musobaqalarda munosib ishtirok etishimga olib keldi.

2017 yildan O‘zbekistonda yengil atletika va tog‘ chang‘isi bo‘yicha tajribali murabbiy Ivan Vakulenkoning jismoniy mashqlarida qatnashdim. Aynan shu murabbiy boshchiligida katta hajmdagi chiniqish dasturlarida ishtirok etganim professional harakatlarimni me’yoriga yetkazishga xizmat qildi, deb hisoblayman. Hozirda uch yildan beri “Kronplatz” jamoasidaman.

– Xalqaro musobaqalardagi birinchi yutug‘ingizni eslay olasizmi?

– Besh yil muqaddam Osiyo chempionatida qatnashganman. O‘shanda ilk rasmiy musobaqam bo‘lgan qit’a chempionatida yutib turib yutqazganman. To‘g‘rirog‘i, birinchi o‘rinni egallash asnosida kutilmaganda 50 ga yaqin qatnashchi orasida 4-o‘rindan joy olganman. Sababi, marraga qisqa masofa qolganda g‘olib bo‘ldim, deb o‘ylab, erkin harakat qilganman. Undan so‘ng Qirg‘izistonda o‘tgan qit’a chempionatida g‘olib chiqqanman.

– Olimpiya o‘yinlarida tog‘ chang‘isining qaysi yo‘nalishlarida qatnashasiz?

– Pekin Olimpiadasida ikki yo‘nalishda qatnashaman. Ya’ni, gigant slalom va slalom bahslarida.

– Olimpiada dasturi bilan tanishmisiz. Musobaqalar aynan qaysi kunlari o‘tkaziladi?

– Hozirda asosiy e’tiborni mashg‘ulotlarga qaratganligim uchun Olimpiada dasturiga qarashga vaqtim bo‘lgani yo‘q. Lekin bir narsani aniq aytishim mumkin. Olimpiadadagi o‘zim ishtirokimdagi musobaqalar 14-16 fevral kunlari tashkil etiladi.

– Olimpiadadagi asosiy raqiblaringiz kimlar?

– Albatta Osiyo sportchilari. Olimpiya dasturiga binoan oldin qit’a sportchilarini mag‘lub etish kerak. Hozirda Turkiya, Koreya, Eron, Qozog‘iston sportchilari qishki Olimpiadaga qattiq tayyorgarlik ko‘rmoqda. Undan so‘ng, Yevropaning gigantlari bilan ro‘baro‘ kelaman. Bu juda murakkab masala. Aytganimdek, ular uchun tog‘ chang‘isi milliy sport turidek gap.

– Italiyadagi mashg‘ulotlar qanday kechmoqda?

– Murabbiyim Mattia Ganessi bilan har kuni ikki mahaldan chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlarni olib boryapmiz. Aytishim kerakki, davlatimiz tomonidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yuqori darajada o‘tkazishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Keyin kun ora Bekzod Yakubov rahbarligidagi O‘zbekiston tog‘-chang‘i sport federatsiyasi mutaxassislari bilan jismoniy-ruhiy tayyorgarligim, mashqlarning texnik-taktik tomonlari haqida suhbatlashib turibman. Xalqimiz, davlatimiz ishonchini oqlab, o‘zbekistonlik sport ishqibozlarini xursand qilish uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflayman. Muhimi, Pekin tog‘-chang‘i maydonlarida omad biz tarafda bo‘lsa bas.

– O‘zbekistonlik sport ixlosmandlari sizning Olimpiadadagi ishtirokingizni intiqlik bilan kuzatib borishadi. Ularga tilaklaringiz.

– Sportchining har qanday musobaqada munosib qatnashishi kayfiyatga va qo‘llab-quvvatlashga bog‘liq. O‘ylaymanki, hamyurtlarimizning hayrixohligi yangi g‘alabalar sari ilhomlantiradi. Bundan juda xursandman. Harakatlaring, intilishlaring ko‘pchilikning e’tiborida ekanligini his etsang, bundan ortiq baxt yo‘q, deb hismoblayman.

O‘zA muxbiri To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.