Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish va ilm-fan uyg‘unligi yaxshi samara bermoqda.
Xususan, kuni kecha kombinat mutaxassislari hamda “Fan va taraqqiyot” DUK olimlari hamkorligida yana bir muhim ixtiro yaratildi. Ma’lumki, rudalar tarkibidan qimmatbaho metallarni ajratib olish uchun kombinatda rangli va nodir metallar flotatsiya usuli bilan boyitiladi. Flotatsiya usulida boyitishda kimyoviy reagentlar asosiy rolni o‘ynaydi.
Mamlakatimiz rangli metallurgiya sanoatida rudalarni flotatsiya usulida boyitish jarayonida flotoreagent — ko‘pik hosil qiluvchi sifatida odatda spirtlar yoki qayrag‘och yog‘i, siklogeksanol, krezol, T-66, T-80, T-92 reagenti, MIBK, OPSB, OPSM kabi tarkibida spirti bor mahsulotlardan foydalaniladi. Ammo bu reagentlarning barchasi xorijdan keltiriladi va bu davlatimizning import qaramligini kuchaytiradi. Shuning uchun ham mahalliy xomashyo va chiqindilar asosida tannarxi past bo‘lgan yangi kompozitsion kimyoviy flotoreagent — ko‘pik hosil qiluvchilarni olish texnologiyasini ishlab chiqish bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega.
Aynan shu masala bo‘yicha kombinat mutaxassislari hamda texnika fanlari doktori, akademik Soyibjon Negmatov ilmiy rahbarligida mutlaqo yangi flotoreagent ishlab chiqaradigan innovatsion texnologiya ishlab chiqildi. Ushbu texnologiya asosida yangi, import o‘rnini bosuvchi reagent ixtiro qilindi.
Reagent mahalliy xomashyo asosidagi orgomineral ingridiyentlar, tannarxi past bo‘lgan ishlab chiqarish chiqindilaridan tayyorlanadi. Bundan tashqari, ushbu innovatsion kimyoviy flotoreagent yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi hamda importni qisqartirish imkonini beradi. Ushbu yangi reagentdan mis va oltin tarkibli rudani boyitish jarayonida foydalanish mumkin bo‘ladi. Yangi reagent tarkibi qatron, litserin, sulfat, karbamid, lauret va neft kimyo sanoati chiqindilaridan iborat.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Axborot xizmati.