Dehqonchilikda,jumladan, paxta va g‘allachilikda o‘ziga xos maktab yaratilgan Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida o‘tgan yili murakkab iqlim, favqulodda tabiat hodisalariga qaramasdan 5 ming 525 gektarga ekilgan bug‘doy hosilidan 12 ming 715 tonna xirmon uyilgan.
Davlatga sotilganidan tashqari, mahalliy fermer xo‘jaliklari ixtiyorida qoldirilgan yana shuncha miqdordagi bug‘doy daromadidan o‘nlab oilalar moddiy manfaatdorligi oshirilmoqda.
Joriy yilda ham tumanda g‘alla yetishtiriladigan maydon o‘zgarmagan, ammo g‘allakorlikda katta tajribaga ega 152 ta fermer xo‘jaligi tomonidan davlat omboriga 13 ming 200 tonnadan oshirib g‘alla xirmonini bunyod etish choralari ko‘rilmoqda.
“Jarqoq”, “Navbahor”, “Bo‘zachi” mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklarida o‘tgan yillarda asosan “Starshina”, “Alekseyvich”, “Grom” navlari bilan bir qatorda “Krasnodarskaya-99” istiqbolli navi sinovdan o‘tkazilgan. Tashkiliy jihatdan, hududda ta’minotchi va donni qayta ishlovchi “Buxoro Agrocluster” va “ARK Yeco textile” MCHJ lari tomonidan bug‘doy hosilini sifatli o‘rib-yig‘ib olishga yetarlicha don tashuvchi avtomashina, dala boshiga yoqilg‘i ta’minoti va texnik xizmat ko‘rsatuvchilar jalb qilinishi samarasini beradi. Shu maqsadda ayni kunda tumandagi 8 ta kombaynni g‘alla o‘rimiga shay holatga keltirish, texnik ko‘rikdan o‘tkazib, ta’mirlash ishlari allaqachon boshlangan.
Navbahor hududidagi sobiq “Qorovulbozor paxta tozalash zavodi”da joylashgan “ARK Yeco textile” MCHJ bazasida 6 ta yuqori unumli “CASE-2366” va “CASE-4088” rusumli kombayn va boshqa mexanizmlar ta’mirlanmoqda. Kombaynlardagi ehtiyot qismlar — donni elash setkasi, avtoshinalari, akkumlyatorlari, radiator-sovutish tizimi, o‘rim tig‘i-pichoqlari yangisiga almashtirilmoqda. Bu yerda mexanik mutaxassislar bilan birga payvandlovchi, chilangar, temirchi, mexanizatorlardan iborat texnik jamoa kombaynlar va ularga zarur mexanizmlarni tez va sifatli ta’mirlash ustida ishlamoqda.
[gallery-17570]
Har yilgi an’anaga binoan, g‘alla o‘rimida boshqa tumanlardan yuqori unumli kombayn ekipajlarini jalb qilish kutilmoqda. O‘tgan yilgi mavsumda cho‘lquvar fermer xo‘jaliklari g‘allazorlarida 56 ta kombayn ekipaji kuchidan foydalanilgan.
Zarif Komilov Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari