Sirdayo viloyatida qariyb 73 ming gektar maydonda boshoqli don yetishtirilmoqda. Oldinda muhim va mas’uliyatli jarayon — hosilni uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olish vazifasi turibdi.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev viloyat sektorlar rahbarlari bilan Boyovut, Xovos, Sardoba va Oqoltin tumanlarida bo‘lib, o‘rim-yig‘imga tayyorgarlik, kombaynlarning mavsumga shayligini ko‘zdan kechirdi va otryadlar a’zolari, qishloq xo‘jaligi tizimidagi korxona rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Akmaljon Mahmudaliyev mavsumda o‘rim-yig‘im ishtirokchilarining moddiy jihatdan rag‘batlantirishni alohida ta’kidladi. O‘rim-yig‘im otryadi boshliqlari, mexanizatorlar va haydovchilarga oldindan ikki million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatish va ular uchun dala boshida qulay sharoitlar yaratib berish yuzasidan tegishli mas’ullarga ko‘rsatma berdi.
[gallery-11853]
Mavsumda 280 dan ziyod yuqori unumli don o‘rish kombaynlari qatnashishi rejalashtirilgan. Ulardan 112 tasi “Klaas”, 34 tasi “Vektor”, 123 tasi “Keys” va “Nyu-Holland”, 12 tasi esa boshqa rusumli don o‘rish kombaynlaridir. Tashish uchun 843 ta texnika jalb qilingan. Kombaynlarni ta’mirlash ishlarini yakunlash, sozlash va sinov ko‘rigidan o‘tkazish masalalari ham belgilab olindi.
Sh.SUYAROV,
Sh.ORTIQBOEV, O‘zA