Buxoro viloyati Romitan tumani O‘tabek mahallasida 2954 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholining 64 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar, 35 oilani esa kam ta’minlanganlar tashkil etadi. Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Maftuna Bobomurodova mahalladagi ehtiyojmand qatlam bilan bevosita ishlaydi. U oilalarni og‘ir ijtimoiy vaziyatdan chiqarish, ularga zarur xizmatlar ko‘rsatish orqali hayot sifatini yaxshilashga hissa qo‘shib kelmoqda.
O‘tgan davr mobaynida 45 ta oilaning muammosini hal etish maqsadida individual “Keys”lar ochilib, jami 228 ta ijtimoiy xizmat ko‘rsatildi. Bu xizmatlar ichida tibbiy-psixologik yordam, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash, ijtimoiy moslashtirish, huquqiy maslahat va bandlikka ko‘maklashish kabi yo‘nalishlar bor.

Behzod Ismoilov 1992 yili tug‘ilgan, 2 nafar farzandi bor. U 2012 yilda og‘ir onkologik xastalikka chalingan. Hozirda u “Yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasida dispetcher lavozimida ishlaydi.
Maftuna Bobomurodova tomonidan unga son protezi, qo‘ltiqtayoq, maxsus ortopedik oyoq kiyim yetkazib berildi. Shuningdek, Behzod sportning para stol tennisi turiga jalb qilindi. Samarali olib borilgan mashg‘ulotlar natijasida u “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning tuman bosqichida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Suhrob Sharipov 2-guruh nogironligi bilan yashaydi, ikki nafar farzandi bor. Uning farzandiga bola nafaqasi tayinlandi va maktabgacha ta’lim muassasasiga bepul joylashtirildi.

Nafisa Nizomova esa 1998 yili tug‘ilgan, ikki farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i chet elda bo‘lib, oila “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan. Ijtimoiy xizmatlar doirasida oila a’zolari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, farzandlari bog‘chaga bepul joylashtirildi, bola nafaqasi tayinlandi va Nafisaga go‘zallik saloni ochib berildi. Bu orqali u o‘zini iqtisodiy jihatdan ta’minlab, mustaqil faoliyat yuritishga erishdi.
Muqaddas Boboyeva bolalikdan nogiron, ruhiy xastalikka chalingan. Bugungi kunda unga kelinlari qaramoqda. Ijtimoiy xodim ularning ehtiyojini doimiy monitoring qilib, zarur hollarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
Romitanlik ijtimoiy xodimning faoliyati har bir insonni yashashga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy himoya tizimi bu nafaqat yordam ko‘rsatish, balki inson hayotiga umid va ishonch baxsh etish tizimidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.