AQSHning nufuzli Kolumbiya universiteti Donald Tramp ma’muriyati bilan 220 million dollardan ortiq miqdordagi kelishuvga erishdi. Shu tariqa avval cheklangan federal tadqiqot mablag‘i qayta tiklanadi. Jarayon 2023 yil 7 oktyabrdagi G‘azo mojarosidan so‘ng kampusda kuzatilgan antisemitizm holatlariga qarshi yetarli chora ko‘rilmagani uchun to‘xtatilgan.
Universitet endi uch yil davomida 200 million dollar to‘laydi. Qo‘shimcha ravishda yahudiy professor-o‘qituvchilarga nisbatan fuqarolik huquqi buzilgani uchun 21 million dollar tovon undiriladi. Rasmiy bayonotda ushbu bitim ta’lim dargohiga muhim barqarorlik olib kelishi ta’kidlangan.
Bitim doirasida quyidagi shartlar ham belgilandi:
Talabalar intizomi tizimini qayta ko‘rib chiqish;
Antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha federal ta’rif qabul qilish (bu nafaqat ta’lim jarayoni, balki intizomiy tartibotga ham taalluqli);
Yaqin Sharq bo‘yicha kurslarni muvozanatli mazmunda qayta ko‘rib chiqish;
Isroil va yahudiy tadqiqotlari institutiga yangi professorlar tayinlash;
Irqqa asoslangan kvota yoki turli-tumanlik siyosatini targ‘ib qiluvchi dasturlarni bekor qilish.
Kelishuv asosida hech qanday jinoyatni tan olish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, Kolumbiya universiteti Tramp ma’muriyati talab qilgan islohotlarni qabul qilgani ayonlashgan.
Tramp bu harakatni olqishlab, Kolumbiya universiteti "faqat yutuqlarga asoslangan qabul tizimiga o‘tgani"ni ta’kidladi. "Talabalar fuqarolik erkinligini himoya qilishga" va’da berdi. Shuningdek, boshqa oliy ta’lim muassasalari ham federal mablag‘dan noo‘rin foydalangani uchun tergovga tortilishidan ogohlantirdi.
Mazkur universitet G‘azo mojarosi asnosida Falastin tarafdorlari ishtirokidagi namoyishlar yuzasidan boshlangan tekshiruvning dastlabki nishoniga aylangan. Ichki tergov guruhi 2024 yildagi namoyish chog‘ida ba’zi yahudiy talabalar haqoratlanganiga ham e’tibor qaratgan.
Ko‘p oy davom etgan muzokaradan so‘ng erishilgan mazkur muhim murosa AQSHdagi universitetlar faoliyatini federal darajada nazorat qilishda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA