Kolumbiya yetakchisi Gustavo Petro AQSH Prezidenti bayonotiga javoban keskin chiqish qildi. “Euronews” yozishicha, u Venesuela rahbari Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi ortidan kuchaygan bosim sharoitida suverenitet masalasi xavf ostida qolsa, mamlakat “qo‘liga qurol olishga majbur bo‘lishi mumkinligi”ni bildirdi.
– Men qayta qurol ishlatmaslikka qasam ichganman, ammo Vatan uchun shunga majbur bo‘lishim mumkin, – deya Petroning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan murojaatidan iqtibos keltirgan nashr.
Petro ilgari M-19 partizanlar guruhi a’zosi edi. Bu harakat 1989 yil tinchlik kelishuvi asosida qurolini tashlagan.

Ayni paytda Trampning Petroga nisbatan haqoratli bayonoti va uni giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda ayblashi ortidan yuzaga kelgan keskinlik anchayin kuchaydi. Turli da’volar dalil bilan tasdiqlanmasa-da, Kolumbiya rahbari va uning oila a’zolariga moliyaviy sanksiya joriy qilindi. Qolaversa, ushbu mamlakat AQSHning giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha hamkor davlatlari ro‘yxatidan chiqarildi.
O‘z navbatida Petro Qo‘shma Shtatlarning Karib mintaqasidagi harbiy amaliyotini tanqid qilib, kuch ishlatish og‘ir oqibatga olib kelishini ta’kidladi. Uning aytishicha, aniq razvedka ma’lumotisiz amalga oshirilgan hujum begunoh aholi, jumladan bolalar qurbon bo‘lishiga olib keladi va zo‘ravonlikni yanada kuchaytiradi.
Darvoqe, Tramp ma’muriyati Kolumbiyadagi o‘ng qanot muxolifat bilan yaqin aloqani saqlab qolmoqda. Umuman, mamlakatda shu yil bo‘lib o‘tadigan parlament va prezidentlik saylovi asnosida mintaqadagi siyosiy vaziyat tobora keskin tus olmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA