Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘lqamishning ko‘prik muammosi hal etildi (+video)
21:22 / 2025-09-11

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Farovon mahallasiga qarashli Ko‘lqamish qishlog‘i aholisining murojaatiga asosan 2024 yil may oyida saytimizda “Ko‘lqamishga ko‘prik kerak, o‘rtoq mas’ullar!” sarlavhali tanqidiy maqola bergandik. Unda qishloqning o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Katta O‘ra daryosi va unga omonatgina qo‘yilgan qo‘lbola yog‘och ko‘prik, daryoda suv ko‘paygan mahalda undan o‘tish xavfliligi, ba’zan yog‘och ko‘prikni suv olib ketgan holatlar kuzatilgani, ko‘prikning omonatligi, ayniqsa, maktab o‘quvchilarining o‘tib qaytishi uchun ko‘plab noqulayliklar tug‘dirayotgani haqida hikoya qilgandik.

Ushbu masala yuzasidan tuman hokimligi mas’ullarining ham fikrlari olingan va ular dastur asosida ko‘prik qurib berilishi haqida va’da bergan edi. 

Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tgach yana mavzuga qaytishga majbur bo‘ldik. Boisi muammoning yechimi bo‘yicha hech qanday ishlar bo‘lmagandi. Mavzuga qaytib, 2025 yilning fevral oyida saytimizda “Ko‘prik muammosi hamon hal etilmagan” sarlavhali ikkinchi tanqidiy maqolani berdik. 

Maqola yuzasidan o‘rganishlarni olib borar ekanmiz, bu gal tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha yangi tayinlangan o‘rinbosari Ollomurod Boyto‘rayev manzilga yetib keldi. Masalani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi va qishloq ahlining oldida ichki imkoniyatlardan foydalangan holda ikkinchi yoki uchinchi choraklarda ko‘prik qurib berishni va’da qildi.

[gallery-25262]

Tabiiyki, o‘shanda biz ham, fuqarolar ham bu gapga ishonmadik, lekin yangi o‘rinbosarning qat’iy ohangda aytgan gaplariga umid bog‘lagandik. 

Adashmagan ekanmiz. Tuman hokimligi va’dasida turdi. Hashar yo‘li bilan bo‘lsada, mahalla aholisi va o‘quvchilarning daryodan o‘tib qaytishi uchun mustahkam osma ko‘prik qurib berishdi.

Murojaatchilar quvonchiga sherik bo‘lishimiz uchun bizni ham ko‘prikning ochilish marosimiga taklif qilishdi. Va’daga muvofiq manzilga yetib bordik.

Katta O‘ra daryosi ayni paytda anchagina sokinlashgan. Suvlari kamaygan. Lekin bahor oylarida uning uzani 80-90 metrgacha enlikda to‘lib oqadi. Birinchi gal kelganda bunga shaxsan guvoh bo‘lganmiz. 

Ilk bor kelganimizda o‘qituvchisi hamrohligida yuz-ko‘zlarida qo‘rquv va xavotir yaqqol ko‘ringan holda qo‘lbola yog‘och ko‘prikdan amallab o‘tgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bugun emin- erkin yuzlarida tabassum bilan ko‘prikdan o‘tishmoqda.

– Xalqimizning asriy orzularidan biri edi bu ko‘prik masalasi, – deydi 49-maktab direktori Abduqahhor Xolmatov. – Yog‘ingarchilik bo‘ldi deguncha daryoga navbatchi o‘qituvchi qo‘yar edik. Mana tuman hokimimiz tashabbusi bilan zamonaviy ko‘prik qurib berildi. Bu xayrli ishdan avvalo biz pedagoglar juda xursand bo‘ldik. Mana shunday xalqni o‘ylab olib borayotgan islohotlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz. Endi yog‘in-sochinli kunlarda farzandlarimiz qiynalmaydi. Mana shu ko‘prik xalqimizning yaxshi kunlariga xizmat qiladi, degan umiddamiz. 

Aytish joizki, Ko‘lqamish qishlog‘i tumanning eng olis hududlaridan sanaladi. Uzoq yillardan buyon muammo bo‘lib kelayotgan ko‘prik masalasi hal bo‘lganidan aholi ham juda mamnun. Buni ularning yuz-ko‘zidan anglash qiyin emasdi. 

– Yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi Abdurahmon bobo Yasanov. – Jumladan, bizning Ko‘lqamish qishlog‘ida ham ko‘prik qurildi. Daryoning ikki tomonida ham aholi yashaydi. Bemorchilik bo‘ladi, to‘y- ma’raka deganday, ayniqsa, biz keksalar qiynalardik. Mana orzularimiz ro‘yobga chiqdi. Qo‘llarimiz doim duoda. Bu xayrli ishning boshida turganlarga ming rahmat. Tinchligimizga ko‘z tegmasin. 

Ko‘prikning ochilish marosimi haqiqiy bayram tusini oldi. Qurilish ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan hasharchilar tuman hokimligi tomonidan taqdirlandi. Keksalar yurtimiz tinchligi, obodligi, turmushimiz farovonligini tilab duo qilishdi. 

– Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning tumandagi namunasi sifatida Ko‘lqamish qishlog‘idagi qo‘lbola ko‘prik o‘rniga zamonaviy ko‘prik barpo etdik, – deydi tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Ollomurod Boyto‘rayev. – Bunda tuman mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 200 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Ko‘prikning uzunligi 115 metrni tashkil qiladi. Bu borada tumanimizdagi mavjud ko‘prik qurilishiga ehtiyoji bor mahallalarda ham ishlar bosqichma-bosqich davom ettiriladi. 

Albatta, tanqidimizni to‘g‘ri qabul qilib, aholining uzoq yillik muammosiga barham bergani uchun biz ham Dehqonobod tuman hokimligiga alohida tashakkurimizni bildiramiz. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ItLpRAI_auM" title="Ko`lqamishning ko`prik muammosi hal etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (video, surat), O‘zA muxbirlari