Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kollejda vatanparvarlik darslari
16:11 / 2014-12-24

O‘quv va sport mashg‘ulotlarini yuqori saviyada olib borish uchun barcha qulayliklarga ega kollejda 250 o‘quvchi maxsus dastur asosida chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash darsidan saboq olmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish yoshlarimizning orzusiga aylanib, harbiylikdek sharafli kasbga bo‘lgan qiziqishi tobora ortmoqda. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash darslari navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan. 

Farg‘ona viloyatidagi kasb-hunar kollejlarida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Buni Dang‘ara transport kasb-hunar kolleji misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

O‘quv va sport mashg‘ulotlarini yuqori saviyada olib borish uchun barcha qulayliklarga ega kollejda 250 o‘quvchi maxsus dastur asosida chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash darsidan saboq olmoqda. Sinfxonalar mamlakatimiz Qurolli Kuchlari qudratini aks ettiruvchi ko‘rgazmali vositalar, zamonaviy jangovar qurollarning o‘quv nusxalari, adabiyotlar, komputer va elektron darsliklar bilan jihozlangan. Harbiy ish asoslari, safda yurish qoidalari, merganlik, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish kabi mashg‘ulotlarni o‘quvchilar katta qiziqish bilan o‘zlashtirayotir. Mashg‘ulotlarda ko‘rgazmali vositalar va videomateriallardan keng foydalanilmoqda.

– Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash asosiy vazifalarimizdan, – deydi kollejning chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash rahbari, zaxiradagi kapitan Valijon Xo‘jayev. – Mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga har tomonlama qudratli milliy armiyani shakllantirish yo‘lida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, Prezidentimizning 2008-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilmoqda. 

Kollejda yoshlarni harbiy ish asoslari bilan tanishtirishda harbiylar va faxriylar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Jasorat darslari”, “Avlodlar uchrashuvi”, “E’zoz”, “Ehtirom”, “Ajdodlar qahramonligi – yoshlarga ibrat” mavzularidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Buyuk sarkardalarimiz hayotidan” nomli turkum ma’naviyat darslarida esa “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan harbiy-vatanparvarlik mavzusida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlar namoyish etilayotir. 

Kollej o‘quvchilari “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining shahar va viloyat bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Bu o‘quvchilarga harbiy-vatanparvarlik darslaridan olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliy sinovdan o‘tkazish imkonini berayotir.

– Bitiruvchilarimiz orasida oliy harbiy o‘quv yurtida tahsilni davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘payib bormoqda, – deydi kollej direktori Bahrom Mirhodiyev. – Ayni paytda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan kollejimizda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, harbiylar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shu kunlarda sportning texnik-amaliy turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazishni ham mo‘ljallamoqdamiz.