O‘tgan 2025 yil 27–29 noyabr kunlari Xitoyning Taypey shahrida 22 yoshgacha bo‘lgan yigit va qizlar o‘rtasida WorldSkills Asia Taipei 2025 xalqaro professional mahorat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi muvafffaыiyatli ishtirok etib, mamlakat sharafini munosib himoya qildi.
O‘zbekiston nomidan 16 ta mahorat yo‘nalishi bo‘yicha 32 nafar ishtirokchi qatnashdi va o‘z professional bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Shirin energetika kolleji o‘quvchisi Iqbolmirzo Abdusamadov elektromontaj kasbi bo‘yicha faol ishtiroki va yuqori mas’uliyati uchun nufuzli WorldSkills International “Millatning eng yaxshisi” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu mukofot xalqaro maydonda o‘z mamlakati sharafini himoya qilgan va kasbiy salohiyati bilan ajralib turgan ishtirokchilarga beriladi.
– Yoshligimdan ustachilik va elektr energiyasi sohasiga qiziqishim katta bo‘lgan, – deydi Iqbolmirzo Abdusamadov. – Moddiy qiyinchiliklar sabab biroz muddat xorijda ham ishlaganman. Shundan so‘ng, chet el kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan Shirin kollejida energetika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdim. Asosiysi, ustozlarim maslahati asosida ushbu nufuzli musobaqada qatnashish imkoniga ega bo‘ldim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agar Iqbolmirzo Abdusamadov keyingi bosqich — Shanxay shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan, 1 milliard 30 million so‘m miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlanadi.
– Elektromontaj oddiy ishdek tuyulishi mumkin, ammo aqlli uy tizimi kabi murakkab yo‘nalishlar tajriba va bilim talab etadi. Nufuzli musobaqada ishtirok etganlarning tayyorgarligi katta edi. Biroz hayajon bo‘ldi, ammo qiyinchiliklarga qaramasdan yuqori natija qayd etganimni eshitganimda, bu kasbni tanlaganimdan faxrlandim, – deydi u.
Iqbolmirzo Abdusamadov ta’kidlaganidek, “WorldSkills Asia Taipei 2025”dagi muvaffaqiyat Shirin energetika kollejida ta’lim va tarbiya bergan ustozlari mehnati, yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi, shu kasbga bo‘lgan qiziqishi va mamlakatda kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasidir.
Asosiysi, joriy yilda o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bu esa nafaqat yosh mutaxassisning shaxsiy yutug‘i, balki mamlakatda kasbiy ta’lim tizimi samaradorligi, yoshlar salohiyati va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati natijasining yaqqol ifodasi sifatida e’tirof etiladi.
Muhimi, O‘zbekiston jamoasining xalqaro maydondagi ushbu muvaffaqiyati mamlakatda kasbiy va texnik ta’lim tizimining izchil rivojlanayotganini va global standartlarga muvofiq raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanishini ham yaqqol namoyon etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA