Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kollej bitiruvchisi tadbirkor bo‘lmoqchi
16:05 / 2016-02-02

Buning uchun harakatni nimadan boshlash zarur? Kimga murojaat qilish kerak? Biznes-reja qanday tuziladi, bankdan kredit olish uchun qanday imtiyozlar bor?

Buning uchun harakatni nimadan boshlash zarur? Kimga murojaat qilish kerak? Biznes-reja qanday tuziladi, bankdan kredit olish uchun qanday imtiyozlar bor?

“O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki Samarqand mintaqaviy filialida Samarqand bank kolleji o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu kabi savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Bu ishga mahalliy hokimliklar, tijorat banklari va boshqa idoralarning mas’uliyat bilan yondashishi zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada Samarqand viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi va Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, hamkorlikda ish olib borilmoqda. Barcha kasb-hunar kollejlarida “Yosh tadbirkor” xonalari tashkil etilgan. Bank xodimlari va boshqa idoralar mutaxassislari ishtirokida bitiruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga tavsiyalar berilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

– O‘tgan o‘quv yilida kollejimiz bitiruvchilaridan 16 nafari 288 million so‘m imtiyozli bank krediti olib, biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi, – deydi Samarqand bank kolleji direktori o‘rinbosari O.Tillayev. – Bu yil bitiruvchilarimizdan hozircha 34 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Ularga “O‘zsanoatqurilishbank” Samarqand mintaqaviy filiali xodimlari zarur maslahat va tavsiyalar berib, biznes-reja tuzish, kredit hujjatlari rasmiylashtirishda yaqindan ko‘maklashmoqda. Bankda tashkil etilgan bugungi uchrashuv ham ushbu maqsadga qaratilgani hamda kelgusida mazkur sohada mehnat qiladigan yosh mutaxassislarda kasb ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda kollej bitiruvchilari o‘z biznes loyihalari taqdimotini o‘tkazib, bank faoliyati, kredit yo‘nalishlari haqida zarur ma’lumotga ega bo‘ldi.

– Kollejni bitirgach, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexi tashkil etmoqchiman, – deydi Anvar Shirinboyev. – Buning uchun ota-onam va mutaxassislar bilan maslahatlashib, biznes-reja ham ishlab chiqdim.Uni amalga oshirish uchun 30 million so‘m bank krediti zarur bo‘ladi. Taqdimotda ushbu mablag‘ni texnologiya xarid qilish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirish bo‘yicha o‘z rejalarimni aytdim. Bank xodimlari loyihamni ma’qullab, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berganidan xursandman.