Italiya arxeologlari mashhur Kolizey yaqinida chig‘anoq, marmar va qimmatbaho oynadan iborat g‘ayri oddiy mozaika bilan bezatilgan Qadimgi Rim davriga tegishli turar joyni topishdi.
Xorij ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Italiya madaniyat vaziri Gennaro Sangiuliano topilmani eramizdan avvalgi II asrning ikkinchi yarmiga oid hashamatli qarorgoh, deb atadi. Miloddan avvalgi I asr oxiridan meros bu “haqiqiy xazina”, majmua devoriga tushirilgan mozaika alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Mo‘’jiza ko‘plab qobiqlar, Misr ko‘k tesserasi, qimmatbaho shisha va oq marmar parchasidan iborat bo‘lib, kelt uslubidagi trident, harbiy kema va karnay tasvirini ham aks ettirgan.
Ajoyib holatda saqlangan mozaikada uchta ulkan kema to‘lqin uzra qirg‘oqdagi shahar tomon suzib borayotgandek. Devor kichik minora va portik bilan bezatilgan. Arxeologlar ta’kidlashicha, g‘oya uy egasi dengiz jangida g‘alaba qozongani, shu tariqa o‘zi uchun muhim bu voqeani xotirasida abadiylashtirish istagi paydo bo‘lganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, mutaxassislar ilk bor 2018 yil bir necha devorni aniqlagan. Bugungi kunga qadar faqat ba’zi xonalar qazilgan, qazish ishlari, kutilganidek, 2024 yilgacha davom etadi.
Mas’ullar aytishicha, yoz oylarida foydalanilgan bazmgoh 2000 yildan oshiq tarixga ega uyning asosiy xonasidir. Qarorgoh egasi zodagon bo‘lgani, ehtimol, Senatda o‘rin egallagani taxmin qilinyapti.
Bezatilgan devor orasiga yotqizilgan qo‘rg‘oshin quvuri mezbon mehmonlarni “ajoyib suv o‘yini” bilan xushnud qilishni yaxshi ko‘rganini bildiradi.
Kolizey arxeologik bog‘i rahbari Alfonsina Russo ushbu tarixiy marvaridni ommaga ochiqlashga tayyorligini ma’lum qildi.
G.Sattorova, O‘zA