Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘l qishlog‘ining tabiat simfoniyasi
17:44 / 2025-03-05

FOTOREPORTAJ

Hisor tog‘ tizmasining mag‘rur cho‘qqilari osmon bilan qo‘shilib ketganday, go‘yo yeru osmon oralig‘idagi chegarani belgilab beradi. Ular shunchalar balandki, ularga tik boqqan odamning boshi aylanadi. Ularning balandligi va salobati insonlarga tabiatning beqiyos qudratini eslatib turadi. Ko‘l qishlog‘i ahlisi bu tog‘larni “osmon ustuni” deb ataydi. Cho‘qqilar bulutlar ichida g‘oyib bo‘lib, go‘yo osmon bilan quchoqlashganday.

Ayni salqin kunlarda Ko‘l qishlog‘i ustida to‘plangan bulutlar xuddi oppoq tuman kabi qishloqni o‘rab oladi. Ular shunchalik pastlab uchadiki, odam o‘zini bulutlar ichida suzayotganday his qiladi. Bulutlar tog‘ etaklariga yetganda, ularning oq parchalardek daraxtlar shoxlari orasida sirg‘alib, qishloqni sehrli bir olamga aylantiradi. Kechasi oy nuri bulutlarga tushib, ularni kumushdek yaltiratganda, qishloq yanada jozibali tus oladi. Bulutlar qishloq ahli uchun nafaqat tabiatning bir qismi, balki ularning hayotiga sirli bir ohang olib kiradigan mo‘’jizadir.

[gallery-22115]

Shahrisabz qo‘ynida, Hisor tizmasi bag‘rida orom olgan Ko‘l qishlog‘i ayni pallada nafis libosida o‘zgacha joziba kasb etgan. Tog‘lar oppoq qorga burkanib, daraxtlar qirovda jimirlaydi, havo esa shunday musaffoki, nafasingiz ravshanlashadi. 

Ko‘lda hozir mehnat va harakat davri. Erkaklar bahorgi yumushlar, chorva parvarishi, dehqonchilikka tayyorgarlik kabi tashvishlar bilan band. Ayollar esa uy ishlari, tandirdan issiq non uzish, gilam to‘qish va bolalarga mehr berish bilan mashg‘ul. Qishloqda har kim o‘z vazifasini ado etadi, hamjihatlik va o‘zaro ko‘mak ularning hayoti asosi hisoblanadi.

Ko‘l qishlog‘i – bu tabiat go‘zalligi va odamlarning mehnati uyg‘unlashgan joy, bu yerda har bir kun yangi hikoya, har bir kecha esa yangi ertak bilan yakunlanadi.

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA