Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘ksiga Prezident orden taqqan cho‘pon ayol (+video)
08:25 / 2025-03-16

Chorvadorlar orasida azal-azaldan “qo‘li chorvaga yoqadi” yoki “qo‘li yoqmabdi”, degan ibora ishlatilib kelinadi. Ya’ni shunday insonlar borki, chorvaga mehr bilan qaraydi va natijada mollari semirib, soni ko‘payib ketaveradi. Ba’zilarda esa mutlaqo teskarisi bo‘ladi, qancha parvarishlamasin, chorvasi o‘zgarmaydi.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanilik Klara Elboyeva ham mana shunday chorvaga qo‘li yoqqan ayollardan. Cho‘pon oilasida tug‘ilib o‘sdi. Chorvaning mashaqqatini bolaligidan his qilib ulg‘aydi. Cho‘pon oilasiga kelin bo‘lib tushdi. Turmush o‘rtog‘ining yonidan kirib, chorvasining barakasiga baraka qo‘shdi. Mana, shu xonadonga kelin bo‘lib tushganiga ham 22 yil bo‘libdi. Bugungi kunda Klara Elboyeva Nishon tumanidagi “Nishon qorako‘lchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni sifatida  faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.  

– Cho‘ponchilik ota-bobomizdan meros, – deydi Klara opa. – Cho‘ponlar sulolasidanman. Ota-bobolarim ham qo‘y boqishgan. Turmush o‘rtog‘im ham cho‘pon.  U qayerda bo‘lsa, men ham o‘sha yerdaman. Qo‘ylarni haydab yaylovma yaylov yuramiz. O‘tovimiz tikilgan joy uyimiz. Ishimdan faxrlanaman. Keng dalalarda qo‘ylarni boqib yurishning o‘ziga yarasha gasht-zavqi bor. Ayniqsa, bahor paytlari borliq juda chiroyli bo‘ladi. Cho‘ponlikning mashaqqatlari juda ko‘p, lekin biz o‘rganib ketganmiz. Qo‘zilagan qo‘ylarni yemlashga yordamlashaman. Bahor va kuzda turmush o‘rtog‘im bilan baravar qo‘ylarning junini qirqishaman. Xullas, nima ish bo‘lsa qilib ketaveraman.

Nishon tumani viloyatning cho‘l hududlaridan sanaladi. Shu bois bu hududning iqlimiga mos qo‘y zotlarini parvarishlash juda muhim. Buni yaxshi anglagan Klara Elboyeva xo‘jalikda asosan qorako‘l qo‘ylari ko‘paytirishga ahamiyat bermoqda. Boisi qorako‘l qo‘ylari issiq va sovuq iqlim sharoitlarga, to‘g‘rirog‘i, cho‘l iqlimiga bardoshli.  

Ko‘z ilg‘amas darajadagi cheksizlik ichra qo‘y-qo‘zilar bilan butun bir kunni o‘tkazish yoki butun hayot davomida qir-adir kezib yashab o‘tishning o‘zi mashaqqat, deydi qahramonimizning turmush o‘rtog‘i. Va yana oilam aslida menga boshliq, deydi hazil aralash.

– Ayolimning chorvaga berilib ketishini kutmaganman, ochig‘i, – deydi Klara opaning turmush o‘rtog‘i Jo‘ra Panjiyev. – Otam rahmatlik 42 yil qo‘y boqqan, men cho‘ponlar sulolasining to‘rtinchi avlodi vakiliman. Qaynotam ham cho‘pon bo‘lgan. Kasbga mehr qo‘yganmiz. Oilam bilan birga shu qo‘ylarning izidan yurib, 3 nafar farzandni ulg‘aytirdik, uyli- joyli qilyapmiz. Hozirgi kunda 200 boshdan ziyod sovlig‘imiz bor. Bu yil ham bahor seryog‘in kelyapti. Nasib bo‘lsa, bu yilgi qo‘zilarni to‘liq o‘stirishga qoldirishni mo‘ljallayapmiz.  

Butun hayoti davomida qo‘y-qo‘zilarning ortidan dashtu sahrolarni kezib yashayotgan Klara Elboyeva uchun bu yilgi bahor boshqalaridan anchagina yoqimli boshlandi. Go‘yo chaqmoq chaqdi-yu, shu kunga qadar sekin aytilgan ismi momaqaldiroqdek gumburlab, butun mamlakatga eshitildi. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Prezident farmoniga ko‘ra, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Uni shaxsan mamlakat Prezidentining o‘zi ko‘ksiga taqib qo‘ydi.

[gallery-22277]

– Bu lahzalar bir umrga xotiramdan o‘chmasa kerak, – deydi Klara Elboyeva. – Umrining katta qismi dalayu dashtda, qo‘y- qo‘zilar izidan o‘tgan ayol uchun ko‘rsatilgan bu hurmat, e’tibor, e’zoz, ochig‘i, meni esankiratib qo‘ydi. Kamtarona mehnatimiz shu qadar yuksak e’tirof etilganidan benihoya mamnunman.  

<iframe width="798" height="449" src="https://www.youtube.com/embed/3oiXm0TDH-4" title="Ko‘ksiga Prezident orden taqqan cho‘pon ayol" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Cho‘ponlik ortidan farzandlarini o‘qitib, uy-joyli qilgan oilaning bugungi kunlari yanada baxtli lahzalarga boy bo‘lmoqda. Kasbga fidoyilik, uzoq yillik mashaqqat va mehnat ortidan kelgan rohat, hukumatning e’tibori – bularning barcha-barchasi yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yaqqol isbotidir.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video),

O‘zA muxbirlari