UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, emizishni targ‘ib qilish besh yoshgacha bo‘lgan 820 ming bolaning hayotini saqlab qolishga yordam beradi.
11—13 iyul kunlari Respublika ixtisoslashgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIPIATM) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (Delivery Unit) tashabbusi bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ko‘magida «Ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha maslahat» seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi va boshqa o‘quv dargohlari talabalari ishtirok etdi.
Seminarning maqsadi tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha talaba-konsultant ayollar tayyorlashdan iborat.
Trening Sog‘liqni saqlash vazirligi va UNICEF tomonidan tayyorlangan yo‘riqnomalar asosida o‘tkazildi.

Treningni tugatgandan so‘ng ishtirokchilar sertifikatlar olishdi va laktatsiya bo‘yicha maslahatchi bo‘lishdi. Hozirda ular RIPIATM telegram kanali orqali onalarga emizish bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha yordam va onlayn maslahatlar bermoqda.
1—7 avgust kunlari seminar yakunlari bo‘yicha emizishni targ‘ib qilish bo‘yicha axborot kampaniyasini boshlash rejalashtirilgan. Aksiya xususiy sektor ko‘magida amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida: 1—7 avgust kunlari 170 ta davlatda Butunjahon ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligi nishonlanadi. Bu haftalikning maqsadi keng jamoatchilikka ona suti bolalarni ko‘plab kasalliklardan asrashini tushuntirishdan iborat.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, emizishni targ‘ib qilish besh yoshgacha bo‘lgan 820 ming bolaning hayotini saqlab qolishga yordam beradi. Ona suti chaqaloqni barcha zarur oziq moddalar bilan ta’minlaydi, immunitet tizimini mustahkamlaydi va mukammal rivojlanishiga yordam beradi, shuningdek, ona va bola o‘rtasida yaqin hissiy aloqani o‘rnatishga ko‘maklashadi.
O‘zA