Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘klam – iliqlik, yasharish, Navro‘z – tinchlik, bag‘rikenglik ayyomi
16:52 / 2023-03-02

Munosabat

Bahor faslining tarovati, shukuhiyu go‘zalligi o‘zgacha. Bu yilgi ko‘klam nafasini har bir yurtdoshimiz intiqlik bilan kutgani tabiiy. Boisi, har yilgidanda sovuq kelgan qahraton qishning izg‘irinli, qor-yomg‘irli kunlari barchamizni zeriktirgani, bahor taftini sog‘intirgani rost. Bahorning ilk kunidan boshlab qalbimizda o‘zgacha shirin hislar tug‘yon ura boshlaydi, yon-atrofimizdagilarning yuz-ko‘zida ham samimiylik, quvonch va yasharish tuyg‘ulari ufurib turadi.  

Bahor ketma-ket keladigan bayramlari bilan ham tarovatlidir. Ayniqsa, xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, milliy urf-odat va an’analarini, orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan qutlug‘ ayyom — Navro‘z umumxalq bayrami barcha yurtdoshlarimizga birdek quvonch ulashadi. Navro‘z nafaqat o‘zbek xalqining, balki mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi. Buni ayyom kunlari o‘tkaziladigan sayillarda, bayram tantanalarida ham ko‘rish mumkin.  

Ma’lumki, 2023 yil 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, bu yilgi Navro‘z bayrami mamlakatimizda «Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!» degan bosh g‘oya asosida nishonlanishi belgilandi. Shuningdek, qarorda ushbu bahoriy ayyomni umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada o‘tkazish bo‘yicha qator vazifalar o‘z aksini topgan.  

Darhaqiqat, nafosat va go‘zallik bayrami barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida katta tantana qilinadi. Umumxalq sayillarida xalqimizning o‘ziga xos milliy qadriyatlari, asriy an’analari, urf-odatlari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy o‘yinlari, sport turlari, qolaversa, o‘zaro hamjihatlik xislatlari o‘z bo‘y-bastini namoyon etadi. Prezident qarorida ham qayd etilganidek, Navro‘zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yaxshilik va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning maqsad va mazmuniga hamohanglik kasb etadi.  

Ma’lumki, Navro‘z Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e’tirof etilgan. Bu esa ushbu bahoriy ayyomning ma’naviy hayotimizdagi ulkan o‘rnidan dalolatdir. Navro‘zi olam milliy qadriyat va urf-odatlarimiz bilan uyg‘un ravishda hayotimizdan, qalbimizdan, ongu shuurimizdan betakror o‘rin egallagan. Ota-bobolarimiz, momolarimizdan meros asriy an’analar ushbu ayyom tantanalarida yana qayta bo‘y ko‘rsatadi. Bu esa o‘sib kelayotgan yosh avlodlar qalbi va ongida milliy o‘ziga xoslik, qadriyat va an’analarimizga nisbatan daxldorlik hissini uyg‘otishga xizmat qiladi.  

Navro‘z – tinchlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik, shukronalik ayyomi. «Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!», degan g‘oya zamirida ham ana shu maqsadlar mujassam. Bahorni sog‘ingan, Navro‘zga yetganiga shukrona keltirayotgan har bir vatandoshimizga ko‘klam nafasi, ulug‘ ayyom muborak!  

Muhtarama Komilova, O‘zA