“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda Qashqadaryo viloyatining yaqindagina tashkil etilgan Ko‘kdala tumanida foydalanishga topshirilgan “Chorvador” nimstansiyasi faoliyati bilan tanishildi.
Ilgari mazkur nimstansiyasida 3200 va 4000 kValik transformatorlar atrofdagi 13 ta qishloq aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlagan. Ammo bu quvvat mavjud ehtiyojni qondira olmagan. Ayniqsa, hududda nasoslar yordamida yer osti suvlarini chiqarish orqali dehqonchilik qilish rivojlangandan keyin tarmoqdagi quvvat mavjud talabga umuman javob bermay qolgan. Natijada tarmoqda soatlab uzilishlar yuzaga kela boshlagan.
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida belgilab berilgan topshiriqlarga asosan yangidan tashkil etilgan Ko‘kdala tumani aholisiga barqaror elektr energiyasi yetkazib berishga doir qurilish ishlari boshlangan edi. Unga ko‘ra, hududda 2 ta “Ko‘kdala” va “Chorvador” nimstansiyalarini qurish va o‘zaro bog‘lash nazarda tutilgan. Mana shu topshiriqlar ijrosi doirasida salkam uch oy mobaynida “Chorvador” nimstansiyasida olib borilgan qurilish ishlari o‘z nihoyasiga yetkazildi.
“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ quruvchi-muhandislari tomonidan bunyod etilgan quvvati 16000 va 10000 kVa, 110/35/10 transformator qurilmalari ishga tushirildi. Nimstansiyaga qadar 12 kilometr havo elektr tarmog‘i tortildi. Nimstansiyaning ishga tushirilishi munosabati bilan hudud faollari soha fidoiylariga o‘z minnatdorligini bildirdi.
– Elektr quvvatining oshirilishi hududimizdagi qishloqlar aholisi uchun nihoyatda quvonarli voqea bo‘ldi, – deydi Qanoti qishlog‘ida yashovchi Ixtiyor Avazov. – Boisi elektr nasoslar yordamida yer osti suvlaridan foydalanib, dehqonchilik qilamiz. Gektarlab maydonda tarvuz-qovun yetishtiramiz. Asosiy daromadimiz shundan. Bu esa ko‘p jihatdan elektrga bog‘liq. Elektr bo‘lmasa, suv ham bo‘lmaydi. Nasib bo‘lsa, endi qiynalmaymiz. Quvvat yetarli bo‘lgach, mavsumda nasoslarimiz ham o‘chib qolmaydi. Hukumatimizning xalqni o‘ylab amalga oshirayotgan bu kabi xayrli ishlaridan mamnunmiz.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ faoliyati bilan ham tanishdi va tadbir doirasida aksiyadorlik jamiyati rahbari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
OAV vakillari soha yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
[gallery-7459]
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.