Adliya vazirligi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ziyo ulash” aksiyasi doirasida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Guliston mahallasida ham yangi kutubxona tashkil qilindi.
Viloyat markazidan qariyb 70 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur mahallada 7,5 ming nafardan ziyod aholi yashasa, ularning 2 ming nafarga yaqinini yoshlar tashkil qiladi.
Kutubxonaning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov hamda tuman mas’ullari ishtirok etib, mahalla yoshlarini ushbu ziyo maskani ochilishi bilan qutladi.
Kutubxonaga “Ziyo ulash” chellenji doirasida Prezident asarlari, o‘zbek adabiyoti durdonalari, jahon adabiyoti, huquqiy va bolalar adabiyotiga oid 400 ga yaqin kitoblar shuningdek, adabiyotlarning elektron va audio shakli jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Kutubxonada aholi, ayniqsa, yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratildi. Kitoblar bilan birga zamonaviy va qulay mebel jihozlari, kitob javonlari, kompyuter jamlanmalari taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida: “Ziyo ulash” aksiyasi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi tuman va shaharlarda 16 ta mo‘’jaz kutubxona faoliyat boshladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri