Qashqadaryo azaldan yengilmas polvonlari-yu, chapdast chavandozlari bilan mashhur elki, bu ajib maskanda o‘tkaziladigan kurashu uloq-ko‘pkari musobaqalarining dovrug‘i tillarda hamisha dostonga aylanadi.
Ko‘kdala tumanida tashkil etilgan bu galgi uloq-ko‘pkari musobaqasi ham ming-minglab odamlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlabgina qolmay, ovozasi qo‘shni davlatlargacha yetib bordi.

Ota-bobolarimizdan meros xalq o‘yini uloq-ko‘pkarining zamonaviy sport turiga aylanganligi natijasida chavandozu tulporlar bahsida tartib, nizom, tegishli qoidalar vujudga keldi. Bu musobaqalar qamrovini kengaytirish bilan birga qo‘shni davlat chavandozlarida ham qiziqishni oshirdi. Sport aloqalarining mustahkamlanishiga zarur shart-sharoit yaratdi.
Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, Chavandozlar maktabi hamda O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan Ko‘kdaladagi musobaqada Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlari chavandozlaridan tashqari qo‘shni Tojikistonu Turkmanistondan kelgan tajribali va mohir uloqchi-sportchilar ishtirok etdi.
Uch ming nafardan ortiq uloq-ko‘pkari ixlosmandlari e’tiborini tortgan musobaqada chavandozlar o‘z jasoratlari va yuqori sport mahoratini namoyish etdi. Tulporlarning abjirligi, uloqchilarning chapdast, tezkor va keskin harakatlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Murosasiz va shiddatli kechgan bahslarda umumjamoada Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Ushbu maktab tarbiyalanuvchilari Saidabdulla Ismatov "Parlament" laqabli tulporida, Jasurxon Nuriddinov "Elemdor" nomli otida, Kamron Ismatov "Rembo" laqabli sport otida tengsiz ekanligini namoyish etdi.
Qadriyatlarimizning muhim bo‘g‘ini ot sporti turlarini ommalashtirish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uloq-ko‘pkari musobaqasi yakunida sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA