Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Koinotda yer o‘lchamidagi, ammo halokat yoqasidagi sayyora topildi
09:49 / 2025-07-30

Amsterdam universiteti astronomlari NASAning TESS kosmik teleskopi yordamida noyob TOI-2431 b ekzo sayyorasini aniqlashdi. U Yerdan atigi 117 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘lchamlari Yerga yaqin. Biroq, bu sayyora bir qator g‘ayrioddiy xususiyatlarga ega.

TOI-2431 b o‘z yulduzi atrofini  5,4 soatda aylanib chiqadi. Taqqoslash uchun aytilsa, Yer Quyosh atrofida bir marta aylanib chiqish uchun 365 kun sarflaydi. TOI-2431 b esa shu vaqt ichida yulduzi atrofida 1600-martadan ortiq aylanishga ulguradi. Bu esa hozirgacha ma’lum bo‘lgan eng qisqa orbital davrlardan biridir. Sayyora o‘z yulduziga nihoyatda yaqin –933 ming kilometr masofada joylashgan. Bunday yaqinlik uning sirt haroratini 2000 Kelvin (taxminan 1727°S) darajasiga yetkazadi. Bu harorat tosh va metallarni eritish uchun yetarli. Shu bois, TOI-2431 b shunchaki “isitilgan” sayyora emas, balki qizigan, eriyotgan sayyora sifatida tasvirlanmoqda.

TOI-2431 b o‘lchami jihatidan Yerga o‘xshash bo‘lsada, radiusi 1,5 baravar katta, massasi esa 6,2 baravar ko‘p. Bunday yuqori massa va kichik hajm natijasida uning zichligi juda yuqori bo‘lib, 1 sm³ ga 9,4 grammni tashkil etadi — bu Yer zichligidan sezilarli darajada yuqori. Olimlar yana bir ogohlantiruvchi xulosani ham e’lon qilishdi: hisob-kitoblarga ko‘ra, TOI-2431 b yaqin 31 million yil ichida o‘z yulduzi tomonidan “yutilib yuborilishi” mumkin. Bu sayyoraning asta-sekinlik bilan yulduzga yaqinlashib borishi va kuchli gravitatsiya ta’sirida halokatga uchrashiga olib keladi. Bunday qisqa umr — bu turdagi ekzosayyoralar orasida juda kam uchraydigan holatdir.

TOI-2431 b kashfiyoti astronomlar uchun ekstremal fazoviy sharoitlarda sayyora qanday shakllanishi, rivojlanishi va halok bo‘lishi haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ROZWGrrdHHI?si=5sqnZnvn0nA_tm40" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA