O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) uzoq yillik hamkorlikka ega, ushbu hamkorlik 1995 yilda “O‘zbek-Koreys do‘stlik klinikasini barpo etish loyihasi” orqali boshlangan.
KOICA ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vazirlik bilan birgalikda tibbiyot sohasiga tegishli qator islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Masalan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tashabbusi bilan bugun Seul Milliy universiteti professori Kim Do Kyun boshchiligidagi shifokorlar delegatsiyasi Toshkentdagi bolalar milliy tibbiyot markaziga yetib keldi.
Ushbu tashrifdan asosiy maqsad KOICA innovatsion o‘quv markazida zamonaviy tibbiy simulyatsiya uskunalarini ishlatish bo‘yicha treninglar o‘tkazish, laparoskopiya, yurak-o‘pka reanimatsiyasi, hamshiralarni simulyatsiya qilish bo‘yicha o‘quv dasturlari hamda markazda shifokorlarni doimiy malakasini oshirish bo‘yicha zamonaviy klinik ko‘nikmalar, bolalar jarrohligi amaliyoti va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat.
– Biz kasalxonadagi reanimatsiya bo‘limi xodimlarini CPR, ya’ni yurak-o‘pka-yurak reanimatsiyasi bo‘yicha malakalarini oshirish uchun turli treninglar o‘tkazamiz. Mazkur loyihaning Amerika va Yevropada o‘tkaziladigan dasturlari bor. O‘zbekistonda ham aynan ushbu dastur doirasida mashg‘ulotlar olib boriladi.
Hozirgacha, boshqa mamlakatlarda treninglar o‘tkazganimiz yo‘q, birinchi O‘zbekistonda boshlandi. Tibbiyot xodimlariga yurak-o‘pka-yurak reanimatsiyasini amalga oshirishni o‘rgatish ustuvor vazifamiz hisoblanadi, – dedi Seul Milliy universiteti shoshilinch tibbiy yordam kafedrasi professori Kim Do Kyun.
Tashrif chog‘ida koreyalik mutaxassislar o‘zbekistonlik shifokorlar bilan birgalikda 5 ta murakkab jarrohlik operatsiyani o‘tkazadi.
Joriy yil 1 iyulda esa Seul Milliy universiteti tomonidan bolalar va ko‘krak qafasi jarrohligi kafedrasi professori Kim Vung Xan boshchiligidagi 18 nafar tibbiy mutaxassislardan iborat ikkinchi delegatsiya yuborilishi rejalashtirilgan.
Ular bolalar ko‘krak qafasi jarrohligi, yurak yetishmovchiligi sohasidagi harakatlar, bolalar anesteziyasi, intensiv terapiya va nefrologiya bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, bolalar milliy tibbiyot markazi 2020 yil oktyabr oyida Toshkentda Koreya Iqtisodiy Rivojlanish va Hamkorlik Jamg‘armasi ko‘magida ochilgan.
Simulyatsiya va innovatsion o‘quv markazi 2020 yil dekabrda ishga tushirilgan edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli chet ellik mutaxassislarni markazga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirish vaqtincha to‘xtatilib, mazkur ta’lim dasturlari onlayn rejimida amalga oshirilib kelayotgan edi.
Markazda og‘ir kasal bolalar soni ko‘paygani sababli, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish zarurati tug‘ildi. Shu paytgacha bolalar kardiologiyasi kabi asosiy bo‘limlarda bemorlar davolanmagan.
Shu bois, Seul Milliy universiteti kasalxonasi bilan shifoxona o‘rtasida yaqin maslahatlashuv bo‘ldi va tibbiyot xodimlarini 2021 yil davomida uchta o‘quv dasturi bo‘yicha sohaga yo‘naltirish loyihasi ishlab chiqildi.
– Simulyatsion markazda to‘rt yo‘nalishda, jumladan, laporoskopiya, o‘pka-yurak reanimatsiyasi, nafas olish yo‘llari va hamshiralik ishi bo‘yicha tibbiyot xodimlariga treninglar o‘tkaziladi,– deya ta’kidladi KOICA simulyatsiya markazining rahbari Professor Yang Se Von.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda:
– 2018-2023 yillar davomida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha 7 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda;
– KOICA va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida 2020 yil 16 iyulda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq, hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik farovonlik va sog‘liqni saqlash xizmati, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Bolalar milliy tibbiyot markazi va boshqa tegishli muassasalar bilan byudjeti 5,0 million dollarlik O‘zbekistonda Koronavirus oqibatlariga qarshi kurashishga qaratilgan dasturni amalga oshirmoqda.
– 2022 yildan Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti uchun ta’lim va tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish loyihasi uchun 5 million dollar ajratiladi;
E’tirof etish lozim, qator tashkilotlar, jumladan, Sanitariya-epidemiologik farovonlik va sog‘liqni saqlash xizmati, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazlari va Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti KOICA bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA