Samarqand viloyat kasbiy ko‘nikmalar mintaqaviy markazida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning PPP loyihasi doirasida yurtimizdagi KOICA kasb-hunar ta’limi markazlari o‘qituvchi va talabalari salohiyatini oshirishga qaratilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Unda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop, Samarqand viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Koreyaning Keimyung Culture universiteti professor-o‘qituvchilari hamda yurtimizda KOICA bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasb-hunar markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Uch yil avval KOICA va Koreyaning "Keimyung Culture" universiteti hamkorligida tashkil etilgan “VETIC+” – Kasb-hunar ta’limini innovatsion rivojlantirish markazi KOICA o‘quv markazlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar va talabalar salohiyatini zamonaviy texnologiyalar asosida oshirishga xizmat qilmoqda. Samarqand kasb-hunar o‘quv markazi esa bu borada yetakchi baza sifatida raqamli ta’lim tizimini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Bu yerda nafaqat mahalliy o‘qituvchilar, balki koreyalik mutaxassislar ishtirokida innovatsion dars uslublari, raqamli treninglar va amaliy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-25960]
– KOICAning PPP loyihasi doirasida universitetimiz olti yildan buyon Samarqand kasb-hunar markazining ta’lim salohiyatini oshirish, o‘quv muhitini yaxshilash va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda, – deydi loyiha rahbari, Koreyaning "Keimyung Culture" universiteti professori Li Sang Seog. — Mazkur loyiha doirasida o‘qituvchi va talabalar salohiyatini oshirishga qaratilgan tanlovda 24 nafar o‘qituvchi va 15 nafar talaba IT, dizaynerlik, mashinasozlik hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha bahslashdi. Bu kabi tanlovlar orqali biz o‘qituvchi va talabalarni xalqaro tajribalar asosida yangicha fikrlashga, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashyapmiz.
Tanlov natijasiga ko‘ra, Samarqand o‘quv markazi o‘qituvchisi Abdulqodir Homidov va shu markaz talabasi Mansur Sultonov gran-pri sovrinini qo‘lga kiritdi. G‘oliblar va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sovrindorlar pul mukofotlari, sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida o‘qituvchi va talabalar o‘zlarining startap loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Shuningdek, “1+2” dasturi bitiruvchilariga diplom topshirilib, Koreyaning "Keimyung Culture" universiteti va Shahrisabz KOICA markazi o‘rtasida “1+2” dasturi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari