Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KOICA O‘zbekistonda yuqumli kasalliklar, ta’lim va raqamli sohalarni rivojlantiradi
19:48 / 2021-12-17

KOICA COVID-19ni yengish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun keyingi uch yil davomida O‘zbekistonga yuqumli kasalliklar, ta’lim, raqamlashtirish sohalarida yordam ko‘rsatadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreyaga tashrifi doirasida KOICA prezidenti Son Xyuk Sang hamda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov davlat rahbarlari ishtirokida “KOICA – O‘zbekiston 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan grant yordami bo‘yicha hamkorlik dasturi to‘g‘risida”gi anglashuv memorandumini imzoladi.

Hujjatga ko‘ra rasman tasdiqlangan 14 ta hamkorlik loyihasidan beshtasi yangi. Kelishuvga muvofiq, ushbu loyihalar uchun alohida 88 million dollar beg‘araz yordam taqdim qilinishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, treninglar o‘tkazish, ko‘ngillilar jo‘natish dasturlar amalga oshirilishi ham davom etadi.

O‘zbekiston Koreya hukumatining Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim strategik hamkoridir.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi sheriklikka misol tariqasida Koreya Respublikasi kelasi yili mamlakatimizda yuqumli kasalliklar tashhisi texnologiyasini takomillashtirish va epidemiologik boshqaruv imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha umumiy qiymati 14,15 million dollarlik yangi loyiha boshlashni rejalashtirayotganini keltirish mumkin.

Ta’lim sohasida esa Koreyaning Kukmin va Yonse universitetlari yordamida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ta’lim o‘quv dasturlarini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, tadqiqotchi kadrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 10 million dollar ajratish ko‘zda tutilgan.

Ushbu memorandum orqali KOICA mamlakatimizda boshqa muhim sohalarni ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Kelgusida grant dasturi ham taklif qilinadi.

Koreya hukumati so‘nggi 30 yilda O‘zbekistonga 160 million dollarga yaqin grant taqdim etgan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi (elektron hukumat) sohalariga yo‘naltirilgan 30 dan ortiq loyihalar va maslahat dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA